Hujjatlar endi elektron shaklda bo‘ladi
Bugun hayotimizning deyarli barcha jabhalariga chuqur kirib borayotgan raqamli texnologiyalar qurilish sohasida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ilgari ko‘p vaqt va qog‘ozbozlikni talab qilgan jarayonlar endi elektron shaklga o‘tib, qurilish ishlarini nazorat qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish va ma’lumotlarni saqlashda qulaylik yaratmoqda.
Ayniqsa, davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, boshqaruv jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanishga qaratilgan islohotlar qurilish sohasida ham o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilish ob’ektlarida ijro hujjatlarini elektron shaklda yuritish tartibiga bag‘ishlangan amaliy o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi Farmonida belgilangan yangi talablarni qurilish sohasi vakillariga keng tushuntirish, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish hamda raqamli platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tkazildi.
Seminarda Buxoro va Kogon shahrida faoliyat yuritayotgan qurilish tashkilotlari vakillari, ichki va texnik nazorat mutaxassislari, shuningdek, qurilish jarayonining boshqa ishtirokchilari qatnashishdi.
Tadbirning e’tiborli jihati shundaki, ishtirokchilarga yangi talablar faqat nazariy jihatdan tushuntirilibgina qolmay, balki ularni amalda qo‘llash tartibi ham ko‘rgazmali ravishda namoyish etildi.

Xususan, nazorat.mc.uz elektron platformasining imkoniyatlari batafsil tushuntirilib, unda ishlash jarayoni bosqichma-bosqich ko‘rsatib berildi.
Endi qurilish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator hujjatlarni elektron shaklda yuritish imkoniyati mavjud. Jumladan, “Mualliflik nazorati”, “Umumiy ishlar”, “Kirish nazorati”, “Beton ishlari” jurnallari, shuningdek, “Yopiq ishlar” dalolatnomalarini elektron tarzda rasmiylashtirish jarayoni amaliy misollar asosida namoyish etildi.
Bu esa qurilish ob’ektlarida hujjatlarni yuritish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirishi, ma’lumotlarni tizimlashtirishi va nazorat samaradorligini oshirishi bilan ahamiyatlidir.
Qurilish sohasida har bir bosqich o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida hujjatlashtirilishi muhim. Chunki ijro hujjatlari ob’ektda bajarilgan ishlarning sifati, ketma-ketligi va belgilangan me’yorlarga muvofiqligini tasdiqlovchi muhim vositalardan biri hisoblanadi.
Ularning elektron shaklga o‘tkazilishi esa nafaqat qog‘oz hujjatlar hajmini qisqartirish, balki zarur ma’lumotlarni tezkor topish, saqlash va nazorat qilish imkonini ham beradi.
Eng muhimi, raqamli tizim qurilish jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada aniq va shaffof tashkil etishga xizmat qiladi. Har bir hujjatning elektron tarzda rasmiylashtirilishi mas’uliyatni oshirib, ish jarayonidagi inson omili bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarning oldini olishga zamin yaratadi.

Bu o‘z navbatida, qurilish ob’ektlarida sifat va xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida ishtirokchilarga elektron hujjatlarni shakllantirish, ularni tizimga kiritish va tegishli tartibda rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim qilindi.
Mutaxassislar tomonidan qurilish tashkilotlari vakillarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliyotda uchrashi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Bunday ochiq muloqotlar esa yangi tizimni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyatga ega. Zero, raqamli islohotlarning samarasi nafaqat yangi platformaning yaratilishi, balki undan foydalanuvchilarning bilim va ko‘nikmalariga ham bevosita bog‘liq.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri