Sifat — qurilishning bosh mezoni
Bugun qurilayotgan har bir bino — ertangi kunga qoladigan meros. Ayniqsa, maktab, uy-joy va ijtimoiy ob’ektlar haqida so‘z borganda, qurilishdagi har bir santimetr, har bir material va har bir texnologik jarayon inson hayoti, xavfsizligi va qulayligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois qurilishda sifatni ta’minlash — oddiy texnik talab emas, balki inson manfaatlarini himoya qilishning muhim shartidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, shahar va qishloqlar qiyofasini yangilash, aholi uchun munosib yashash, ta’lim olish va mehnat qilish sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ham qurilish ob’ektlarining nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ularning mustahkamligi, xavfsizligi va sifat ko‘rsatkichlariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Bu jarayonda qurilish sohasida nazoratning samaradorligini oshirish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va har bir ob’ektda belgilangan me’yorlarga qat’iy amal qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Peshku tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 20-son umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.

O‘rganishdan asosiy maqsad ta’mirlash jarayonida bajarilayotgan ishlar sifatini baholash, ularning amaldagi qurilish me’yorlari va texnik talablarga muvofiqligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Nazorat jarayonida maktab hududida obodonlashtirish ishlari doirasida amalga oshirilgan betonlashtirish ishlari, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan piyodalar yo‘lagi qurilishi ham atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish davomida ayrim ishlar belgilangan qurilish me’yorlari va sifat talablariga to‘liq rioya etilmagan holda bajarilgani aniqlandi. Xususan, betonlashtirish hamda piyodalar yo‘lagini barpo etish jarayonida ayrim texnik talablar buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Bu kabi holatlarga befarq qarab bo‘lmaydi. Chunki maktab hududi — har kuni yuzlab o‘quvchilar, pedagoglar va ota-onalar harakatlanadigan maskan. Bu yerdagi yo‘laklar, maydonchalar va boshqa infratuzilma ob’ektlari, eng avvalo, xavfsiz va qulay bo‘lishi shart.

Ayniqsa, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilayotgan yo‘laklarning sifatli va belgilangan standartlarga muvofiq barpo etilishi inklyuziv muhit yaratishning muhim sharti hisoblanadi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bajarilgan ishlarni belgilangan talablar asosida qayta ko‘rib chiqish hamda qurilish-montaj ishlari sifatini ta’minlash yuzasidan mas’ul tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Eng muhimi, berilgan ko‘rsatmalar ijrosi inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda nazoratga olindi.
Nazorat tadbirlari faqat ijtimoiy ob’ektlar bilan cheklanib qolmayapti. Vobkent tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “VOBKENT CITY” turar joy majmuasida ham qurilish ishlarining sifati va belgilangan me’yorlarga muvofiqligi o‘rganildi. Mazkur majmuada “AMIRXAN BUILDINGS” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli uy-joylar qurilmoqda.
Nazorat jarayonida qurilish ob’ektida foydalanilayotgan beton plita mahsulotlarining sifati, ularning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi hamda mahsulotlarga tegishli muvofiqlik sertifikatlarining mavjudligi o‘rganildi. Zero, ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlatiladigan har bir materialning sifati binoning kelgusi taqdiriga bevosita ta’sir qiladi. Bir qarashda oddiy qurilish materiali bo‘lib ko‘ringan mahsulotning mustahkamligi, texnik ko‘rsatkichlari va standartlarga muvofiqligi butun inshootning ishonchliligi uchun muhim ahamiyatga ega.

O‘rganish davomida qurilishda foydalanilayotgan beton plita mahsulotlarining sifati va ularning tegishli hujjatlar bilan ta’minlanganligi yuzasidan pudratchi tashkilot mas’ullariga zarur tushuntirishlar berildi. Shuningdek, qurilish materiallaridan foydalanishda ularning sifat ko‘rsatkichlari va muvofiqlik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish, amaldagi qurilish me’yorlari hamda texnik talablarga qat’iy rioya etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Qurilish sohasida nazoratning ahamiyatini birgina raqam yoki hujjat bilan baholab bo‘lmaydi. Nazorat — avvalo, inson hayoti va salomatligini himoya qilish, sarflanayotgan mablag‘larning samaradorligini ta’minlash va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish demakdir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda qurilish sohasida sifat, shaffoflik, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va aholi uchun qulay muhit yaratish masalalariga tobora katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi uy-joylar, zamonaviy maktablar, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma tarmoqlari barpo etilayotgan bir sharoitda ularning belgilangan standartlar asosida qurilishi dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Bunda nazorat organlarining vazifasi faqat kamchilik topishdan iborat emas. Asosiy maqsad — xato va nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etishga erishish, qurilish jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish va pirovardida sifatli ob’ekt yaratilishini ta’minlashdir.
Peshku tumanidagi maktabda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilishi, Vobkentdagi turar joy majmuasida qurilish materiallarining sifati va hujjatlari o‘rganilishi ana shu tizimli nazoratning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri