Hududlarda yangi bog‘lar ko‘paymoqda
Shu kunlarda Toshkent viloyati bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi bahorgi mavsumi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, Ohangaron tumanida ham mazkur sa’y-harakatlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi. Ushbu tadbir orqali jurnalistlar va blogerlar hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini bevosita joyiga chiqqan holda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Yashil makon” loyihasining 2026-yil bahorgi mavsumi uchun Ohangaron tumanida 491 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan edi. Amalda esa bu ko‘rsatkich ortig‘i bilan bajarilib, bugungi kungacha joylarda jami 557 ming tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

– Ekilgan ko‘chatlarni muntazam parvarish qilish maqsadida, hududlarda zarur infratuzilma ishlari ham amalga oshirildi, – deydi Ohangaron tumani Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Botir Dadanov. – Xususan, 20 ta tik quduq qazilib, suv chiqarildi, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Bu esa ko‘chatlarning barqaror o‘sishi va parvarishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Press-tur ishtirokchilari A-373 magistral yo‘li bo‘ylab barpo etilgan “yashil bog‘”lar bilan ham tanishdi. Mazkur hududlarda respublika, viloyat va tuman miqyosidagi tashkilotlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan maydonlarda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, yangi yashil hududlar yaratilgan. Bu bog‘lar nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki yo‘l atrofiga yanada ko‘rkam qiyofa bag‘ishlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida sohadagi mas’ul mutasaddilar, ekologlar va loyiha ijrochilari ishtirokida intervyular tashkil qilinib, amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi rejalar hamda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, Shodmalik mahallasi hududida keng ko‘lamli ko‘chat ekish aksiyasi tashkil etildi. Mazkur tadbirda tuman hokimligi mas’ul xodimlari, nuroniylar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi. Hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ushbu aksiya davomida hududda yangi yashil bog‘ barpo etildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan tuman hokimi Bahrom Norqobilov “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, uning asosiy maqsadi tabiatni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish hamda kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishdan iborat ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, barcha fuqarolarni bunday xayriya va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Aksiya doirasida ishtirokchilar tomonidan turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hududning yashil qiyofasi yanada boyitildi. Barpo etilgan bog‘ni muntazam sug‘orib borish maqsadida, maxsus tik quduq qazildi. Shundan so‘ng ko‘chatlarni sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir yakunida hashar ishtirokchilari uchun dasturxon yozilib, milliy taomlar tortildi. Bu esa ahillik va hamjihatlik ruhini yanada mustahkamlab, tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi.
A.Musayev,O‘zA.