Hududlarda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar manzilli hal etilmoqda
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoqilg‘i-energetika sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida hududlarda amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev rahbarligida faoliyat yuritayotgan shtab tomonidan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi vaziyat doimiy nazoratga olinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida podstansiyalar, transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari, shuningdek, elektr va gaz taqsimlash qurilmalarining texnik holati ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilyapti.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aholi murojaatlarini joyida o‘rganish maqsadida ishchi guruhlar tomonidan xonadonbay monitoring ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘rganishlar davomida elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar aniqlanib, har bir holat bo‘yicha manzilli amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirish maqsadida transformatorlarni ta’mirlash ishlari ham jadallashtirilgan. Bugunning o‘zida tumanning “Malik” SIU hududi hamda “Ahillik” MFYda 2 ta, “Turkiston” MFYda 2 ta va “Oq yo‘l” MFYda 3 ta transformator ta’mirlandi. Shu tariqa joriy davrda ta’mirlangan transformatorlar soni 39 taga yetdi.
Shuningdek, aholining elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligini o‘rganish va mavjud qarzlarni bartaraf etish yuzasidan ham manzilli ishlar olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA