Hokimga emas, qonunga mos qaror qabul qiling
Ko‘plab muammolar hokimlarning noqonuniy qarorlari tufayli kelib chiqayotgani sir emas.
Shu bois qarorlarni mahalliy kengashlar tasdig‘idan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Ammo qizig‘i shundaki, qarorlarning haqqoniyligiga baho beradigan, uni tasdiqlaydigan kengashlarga hokimlar raislik qiladi.
Bu holat davlatimiz rahbari tomonidan ham tanqid qilinib, mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi amaliyotiga barham berish zarurligi ta’kidlangan. Biroq bu hali amalda yechimini topmadi.
Kimki hokim qaroridan norozi bo‘lsa, idorama-idora, sudma-sud yurishiga to‘g‘ri kelar, adolatni tiklashga esa kamdan-kam holda erishilgan.
Senatning o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida esa xalq deputatlari Surxondaryo viloyati hamda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahar Kengashlarining ayrim qarorlari bekor qilindi.
To‘g‘risi, yalpi majlisda bu kabi masala avval ko‘rilmagan edi. Aynan shu masala ko‘rilayotganda Senat raisi Tanzila Norboyeva endi noqonuniy qaror qabul qilinsa, bekor qilinishini ham aytib o‘tdi. Shuning uchun endilikda mahalliy Kengashlar qabul qilinayotgan qarorning qonunga mosligini chuqur o‘rganishi talab etildi.
Demak, endi viloyat, tuman hokimlariga mos emas, qonunga mos qarorlar qabul qilish shartligini mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan deputatlar chuqurroq tushungan bo‘lsa ajab emas. Zero, qabul qilingan qaror bekor qilinishi ularning qanday ishlayotganini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, o‘sha beshta qaror nega bekor qilindi?
Bunga o‘sha qarorlar ustidan Senatga Biznes ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan murojaat yo‘llangani sabab bo‘ldi. Senat qo‘mitalarida murojaatlar o‘rganib chiqilganda, qo‘yilgan talablar o‘rinli ekani, mahalliy Kengashlar tasdiqlagan qarorlar haqiqatdan qonun talablariga zidligi aniqlangan.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Qarluqbog‘ot mahallasida yashovchi fuqaro G.Haydarova 2011 yilda uy-joyni xususiylashtirgan. Bu haqda shahar hokimining qarori qabul qilingan. Ammo 2017 yilga kelib xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashi shahar hokimining ushbu qarorini bekor qilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish hamda bekor qilish vakolatiga ega emas.
Senat raisining aytishicha, mazkur holat atroflicha o‘rganib chiqilganda xususiy mulkka doir barcha normalar va belgilangan tartib-taomillarga amal qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda fuqaro yillar davomida sarson bo‘lgan.
Xalq deputatlari G‘uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari Kengashlarining fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomasini bekor qilishga oid qarorlarida ham shu holat kuzatilgan.
Bandixon tumanidagi «Bektepa» kichik sanoat zonasi hududida yo‘l qurilishi masalasida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Tadbirkor tenderda g‘olib bo‘lgan, biroq u bilan shartnoma tuzilmasdan ob’ekt boshqa tashkilotga berib yuborilgan. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi esa o‘z qarori bilan hokimlikning ushbu xatti-harakatini qonuniylashtirib bergan.
Yalpi majlisda mahalliy Kengashlarning qayd etilgan qarorlarini bekor qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bu qarorlar ortida yillab adolat qidirgan xususiy mulk egasi, tadbirkor, fermerlar bor. Ularning manfaatiga zid bo‘lgan, qolaversa, noqonuniy bo‘lgan qarorlar bekor qilinib, adolat tiklangani quvonarli.
Aslida Senatga mana shunday vakolat berilganining o‘zi adolatli ish bo‘lgan. Zero, har safar yuqori palata majlislarida juda ko‘p o‘tkir muammolar ko‘tariladi, mutasaddilar so‘roqqa tutiladi, tanqid qilinadi. Ammo amaliy natijalar yaqqol ko‘zga tashlanmayotgan edi, nazarimda. Demak, xalqning eng oliy vakillik organida amaliy ishlar bo‘yicha vakolatlari ko‘proq bo‘lsa, xalqqa ko‘proq foydasi tegadi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA