Hokim ziyo maskaniga tashrif buyurdi
Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamajonov ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasiga tashrif buyurdi. U kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Sir emaski, bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab kitobxonlik tadbirlari an’anaviy tus olgan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bunday tadbirlarga har bir davlat tashkiloti va idorasi mas’ul etib belgilangan. Zero, shundagina kitobxon millat sifatida shakllanish mumkin bo‘ladi.
Ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi o‘laroq, Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamajonov Nayman mahallasida joylashgan Respublika Markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasiga tashrif buyurdi.

Hokim tashrif davomida muassasa faoliyati hamda kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, kutubxona xodimlari bilan suhbat o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi. Mavjud masalalarni hal etish, kutubxona faoliyatini yanada yaxshilash hamda xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bu kabi ziyo maskani faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish e’tibordagi muhim vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Sherbek Islomov,
O‘zA