Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari savdosiga chek quyildi
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Soha vakillarining imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Buning natijasida bozorlarimizda mahsulotlar turi va hajmi ortib, ularning sifati ham yaxshilanib bormoqda.
Biroq ayrim «uddaburon» tadbirkorlar mo‘may daromad ilinjida qing‘ir ishlarga qo‘l urayotgani ham sir emas.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida faoliyat yuritayotgan ana shunday tadbirkorlardan birining savdo do‘konida qalbaki aksiz markalari yopishtirilgan alkogol mahsulotlarini sotuvga chiqargani aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bo‘zatov tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tadbirda fuqaro A.K. "G‘arezsizlik" MFY hududidagi savdo do‘konida umumiy bahosi 114 million so‘mdan ortiq 3061 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA