Hisor qo‘riqxonasi: tabiatning sokin qo‘riqchilari (+video)
Tog‘lar bag‘rida hayot o‘z qonunlari bilan davom etadi. Bu yerda vaqt ham boshqacha o‘tadi: inson shovqinidan yiroq, tabiatning o‘zgarmas tartibi hukmron. Qoyalar, archazorlar, muzliklardan oqib tushayotgan soylar, tog‘ bag‘rida ehtiyotkorlik bilan harakatlanayotgan yovvoyi hayvonlar. Ammo bu sokinlik ortida har kuni katta mehnat bor. Tabiat o‘z-o‘zini asrayotgandek tuyulsa-da, uning daxlsizligini ta’minlash uchun insonlar kecha-yu kunduz hushyor turibdi. Qashqadaryoning tog‘li hududlarida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasi ana shunday maskanlardan biri.
Qo‘riqxona Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlari hududida, Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy yonbag‘irlarida joylashgan. U 80 ming 986,1 gektar maydonni egallaydi. Hudud dengiz sathidan 1750 metrdan 4387 metrgacha balandlikdagi tog‘ manzaralarini qamrab olgan. Surxondaryo viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan tutashgan bu ulkan hududda tabiatning noyob va betakror mo‘’jizalari saqlanmoqda.
Bu yerning asosiy qonuni esa bitta – tabiatni asl holicha asrash.
Qo‘riqxonaga erta tongda yo‘l oldik. Tog‘ cho‘qqilarini quyoshning ilk nurlari yoritib turgan mahalda Tanhozdaryo bo‘limiga yetib bordik. Qo‘riqxona rahbari Qahramon Normuhammedov hamrohligida “kardon” deb ataladigan manzilga kirib keldik.
Tonggi nonushtadan so‘ng qo‘riqchilar saf tortib, kunlik vazifalarini oldi. Kimdir mashinaga, kimdir otga mindi. Guruhlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tog‘ sarhadlari sari yo‘l oldi.
Biz ham ularga ergashdik.
Qo‘riqxona xodimining ish kuni oddiy ish kuniga o‘xshamaydi. Bu yerda har bir qadam, har bir kuzatuv, hatto biror hayvonning izi ham muhim.
– Qo‘riqxona xodimlarining asosiy vazifasi tabiatni asrash, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishdan iborat. Xodimlar erta tongdan “Smart patrul” dasturi asosida ish boshlaydi. Hududda qoidabuzarliklarni aniqlash, flora va faunani monitoring qilish, yong‘in xavfsizligi choralarini nazorat qilish, fotoqopqonlarni almashtirish va ulardagi ma’lumotlarni yangilash kabi ishlar kunlik vazifalarimiz sirasiga kiradi, – deydi Qahramon Normuhammedov.
Qo‘riqxonadagi tabiat boyligi raqamlarda ham namoyon bo‘ladi. Bu hududda 276 turdagi hayvonot va 1298 turdagi o‘simlik dunyosi mavjud.
O‘simliklarni o‘rganish va ularni asrash esa ilmiy xodimlarning zimmasida.
Tog‘ yo‘lida biz ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan mutaxassis Tolmas Aromovga duch keldik. Uning qo‘lidagi qaydlar, atrofga sinchkovlik bilan tashlanayotgan nigoh – bu yerda tabiatni kuzatish shunchaki sayr emasligini anglatadi.
– Qo‘riqxona hududida 1298 turdagi o‘simlik tarqalgan. Ular 71 oila va 457 turkumga mansub. 34 turi Qizil kitobga kiritilgan. 25 dan ortiq tur endemik hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston florasida avval aniqlanmagan 10 tur ham topilgan. Hududda 252 turdagi dorivor o‘simlik mavjud, – deydi Tolmas Aromov.
Bu raqamlar ortida yillar davomida olib borilgan izlanishlar, tog‘ma-tog‘ kezishlar, mavsumiy kuzatuvlar va tabiatning har bir o‘zgarishini qayd etib borishdek mashaqqatli mehnat bor.
Qo‘riqxona bo‘ylab yurar ekanmiz, yovvoyi hayvonni uchratish oson bo‘lmadi. Balki, ular bizni allaqachon sezgandir. Qaysidir qoya ortidan, daraxtlar orasidan notanish mehmonlarni kuzatib turgan bo‘lishi ham mumkin.
Ammo tabiatning bu ehtiyotkor jonzotlari fotoqopqonlarni alday olmaydi.
Qoyalar orasiga o‘rnatilgan moslamani bir qarashda payqash qiyin. Tog‘ jinslari rangiga moslangan qurilma go‘yo tabiatning bir bo‘lagiga aylangan. Har uch oyda fotoqopqonlar joyi almashtirilib, undagi ma’lumotlar yig‘ib olinadi.
Qo‘riqxonada jami 75 ta fotoqopqon berilgan bo‘lib, ularning 60 tasi hududda ishlamoqda. Tanhozdaryo bo‘limida esa 15 ta shunday qurilma o‘rnatilgan.
– Fotoqopqonlarga Sibir tog‘ echkisi, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i, yovvoyi to‘ng‘iz, kaklik kabi hayvonlar tushgan. Ularning harakati, migratsiyasi, bolalashi, ozuqa izlashi haqida ma’lumotlar to‘planadi. Ayrim fotoqopqonlarga bir necha yuzta kadr tushadi. Hozir ana shu ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish davri, – deydi qo‘riqxona xodimi Behruz Begaliyev.
[gallery-31441]
Tog‘da tabiat o‘zining “kamerasi” orqali emas, aynan shu fotoqopqonlar orqali qo‘riqxona xodimlariga sirlarini ochadi.
Tanhozdaryo bo‘ylab harakatlanar ekanmiz, qo‘riqchilar birdan to‘xtadi. Ular yo‘l chetidagi qandaydir izlarni diqqat bilan suratga ola boshladi.
Bu yovvoyi to‘ng‘izning izlari edi.
Jonzot qadam tovushlarini sezib, allaqachon g‘oyib bo‘lgan. Ammo uning izlari qo‘riqxona xodimlari uchun yetarlicha “ma’lumot” edi.
Izlar “Smart patrul” dasturiga kiritildi. Keyingi kuzatuvlarda shu hududda hayvonning harakat yo‘nalishi aniqlanadi. Vaqt o‘tishi bilan alohida hayvonlar va turlarning harakatlanish xaritasi shakllanib boradi.
2019-yildan qo‘riqxonada joriy etilgan “Smart patrul” tizimi xodimlar mehnatini yanada aniq va tizimli tashkil etish imkonini bergan. Dasturda O‘zbekiston va xalqaro Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar, jumladan, qor qoploni, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i, Turkiston silovsini hamda noyob o‘simliklar haqida ma’lumotlar shakllantirib boriladi.
– Xodimning bir kunlik patrul yo‘nalishi va bajaradigan vazifalari aniq belgilangan. Kunlik 8 soatlik patrul davomida 16 kilometr masofani bosib o‘tish, har bir kilometr bo‘yicha kamida bitta ma’lumot kiritish talab etiladi. Ilgarilari kuzatuvlar daftarlarda qayd etilgan bo‘lsa, bu tizim ishimizni ancha aniqlashtirdi, – deydi dastur bo‘yicha mas’ul xodim Dilmurod Aliqulov.
Tog‘da 16 kilometr yo‘l bosish oddiy masofa emas. Ayniqsa, tik qoyalar, so‘qmoqlar va baland-pastliklar orasida.
Biz ham buni bir kunlik safarimiz davomida his qildik.
Uzoq yo‘ldan so‘ng qo‘riqchilar chodiriga yetib keldik. Biroz dam olib, tushlik qildik. Durbin orqali olis cho‘qqilarga nazar tashladik.
Shunda tog‘ bag‘ridagi harakat ko‘zga tashlandi.
Bir gala tog‘ echkilari biz tomon qarab turardi. Ular ham bizni kuzatayotgandek. Birozdan so‘ng esa yana tog‘ bag‘riga singib ketishdi.
Qo‘riqxonada kun allamahalga yetganda ham ish tugamaydi. Quyosh tog‘lar ortiga botar ekan, xodimlar “kardon”ga qaytishdi.
Ammo bugungi vazifalarning oxirgi nuqtasi ham shu emas.
Tungi reydga tayyorgarlik boshlandi.
Chunki tabiatga xavf kunduzi yoki kechasi deb ajralmaydi. Brakonerlikka urinish istalgan paytda sodir bo‘lishi mumkin. Shu bois qo‘riqchilar tungi paytda ham hushyorlikni susaytirmaydi. Pistirmalar qo‘yiladi, kuzatuv moslamalari orqali hudud nazorat qilinadi. Qo‘riqxona bilan chegaradosh 13 ta qishloqda esa doimiy eko targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Shu tariqa qo‘riqchining bir kuni tongda boshlanib, tunga ulanadi.
Biz esa tog‘dan qaytar ekanmiz, kun davomida ko‘rganlarimiz haqida o‘yladik.
Archazorlarning xushbo‘y hidi, dorivor o‘simliklar ifori, qushlarning sergak sayrashi, qoyalar orasidan oqib kelayotgan Tanhozdaryo... Bu yerda inson o‘zini tabiatning mehmonidek his qiladi.
Eng qizig‘i, biror yovvoyi hayvonni yaqindan ko‘rmasak-da, ularning borligini har qadamda his qildik. Qoyadagi iz, fotoqopqondagi kadr, tog‘ echkilarining olisdagi harakati – bularning barchasi Hisor bag‘rida hayot qaynayotganidan darak berardi.
Balki, tabiatning bizga aytmoqchi bo‘lgan gapi ham shu: meni ko‘rishing shart emas, asrashing shart.
Hisorning sokinligi aslida sokinlik emas. Bu har kuni tong sahardan tog‘ yo‘llariga chiqadigan, yuzlab kilometrlik hududni kuzatadigan, hayvonlar izini o‘rganadigan, fotoqopqonlar ma’lumotini tahlil qiladigan, kechasi ham pistirmada turib tabiatni qo‘riqlaydigan insonlarning hushyorligi bilan ta’minlanayotgan osoyishtalikdir.
Tabiatning eng katta boyligi esa uning daxlsizligidir. “Hisor” qo‘riqxonasi xodimlari ana shu daxlsizlikni asrashdek sharafli va og‘ir vazifani har kuni, har qanday sharoitda bajarmoqda.
Chunki bu yerda qo‘riqlanayotgan narsa faqat tog‘lar, daraxtlar yoki hayvonlar emas.
Bu yerda kelajak avlodning tabiat bilan uyg‘un hayoti qo‘riqlanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1Hz1cseS-Ws" title="Hisordagi bir kun: tabiatning sokin qo‘riqchilari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video) O‘zA muxbirlari