Dubayda turizmni tiklash va barqaror rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Dubay shahrida Arabian Travel Market (ATM 2026) xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “Hamkorlik orqali barqaror turizm industriyasini shakllantirish” mavzusida yuqori darajadagi vazirlar muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ishtirok etdi.
Tadbirda BMT Turizm tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Al Nuvays, Yevropa Komissiyasining barqaror transport va turizm bo‘yicha komissari Apostolos Sitsikostas, BAA Iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuq Al Marriy, Bahrayn Turizm vaziri Fotima bint Ja’far Al Sayrafiy hamda boshqa yuqori darajadagi rasmiylar qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur muloqotdagi ishtiroki, avvalo, Ko‘rfaz davlatlarining murakkab tashqi sharoitlarda turizmni tiklash borasidagi tajribasini o‘rganish, mintaqada turizmni rivojlantirishning keyingi tendensiyalarini baholash, shuningdek, ushbu davlatlardan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Yig‘ilish avvalida BAA Iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuq Al Marriy Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar turizm sohasiga bevosita ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, hozirgi sharoitda katta natijalar yoki yuqori ko‘rsatkichlar haqida gapirish o‘rinli emas. Shu bilan birga, aynan mazkur muloqotdan boshlab turizmni qayta faollashtirish, sohani yanada jadal rivojlantirish, xalqaro sayyohlar uchun ochiqlikni kengaytirish hamda xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlash bo‘yicha ishlar kuchaytirilishi bildirildi.
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston xalqaro turizm bozorida jadal rivojlanayotgan istiqbolli turistik yo‘nalish sifatida yangi imkoniyatlarni taklif etayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yagona turistik mintaqa sifatida targ‘ib qilinayotgani, transchegaraviy turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va barcha sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
BMT Turizm tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Al Nuvays hamkorlik va hamjihatlikda ishlash turizm sohasini barqaror rivojlantirishning asosiy mezoni ekanini alohida ta’kidladi. U O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari, xususan, Xavfsiz turizm kodeksi bo‘yicha tashabbuslari boshqa davlatlar uchun ham amaliy namuna bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Shayxa Al Nuvays, shuningdek, 2027-yil — “Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili”ning rasmiy ochilish marosimi Toshkent shahrida o‘tkazilishiga alohida to‘xtalib, tadbir ishtirokchilarini mazkur marosimda qatnashish uchun O‘zbekistonga taklif qildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA