Orol ham oshyonimiz
Bir paytlar dunyo siyosatidagi munosabatlarda o‘ziga xos tartib, taomil kuchli edi. Aniqrog‘i, barcha mamlakatlar mavjud qoidalarga amal qilib, har qanday ijtimoiy-siyosiy muammoni muzokara yordamida hal qilishardi. Afsuski, XXI asrning ikkinchi 10 yilligiga kelib, vaziyat tubdan o‘zgardi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, e’tibor ba’zan keskin siyosiy bahsga aylanmoqda. Boshqacha aytganda, uyning gapi ko‘chaga to‘g‘ri kelmay qoldi. Ayni holat ko‘plab muammolar qatori dunyodagi ekologiya, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarga ham tegishli.
Texnologiya shiddat bilan rivojlanishi axborotni almashish va uzatishni qanchalik osonlashtirgan bo‘lsa, iste’mol talabini ham shunchalik murakkablashtirdi. Yangiliklar tezligi odamni ba’zan sarosimaga tushirib qo‘ymoqda. Ona tabiatimizda ro‘y berayotgan hodisalar bunga yaqqol misol. Xususan, Markaziy Osiyodagi suv muammosi, chang-to‘zon, anomal issiq qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mintaqamizning ulkan muammosiga aylanmoqda.
O‘zbekiston bu borada davr bilan hamqadam, qat’iy, o‘ziga xos siyosat olib borar ekan, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ham o‘smoqda. Misol tariqasida yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro tadbirlarni keltirish o‘rinli. Va ayni payt davlatimiz rahbarining uzoq-yaqin qit’alardagi minbarlardan turib, ayniqsa, ekologiya sohasida bildirayotgan aniq takliflari muhim ahamiyatga ega.
Masalan, o‘tgan oy so‘ngida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri mezbonlik qilgan Mintaqaviy ekologik sammit – “RES-2026” anjumanida davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va ekspertlar hamjamiyati to‘planib, Markaziy Osiyoda ekologiya va iqlim o‘zgarishi buyicha aniq maqsad va vazifalarni belgilab olishdi.
Ekologiya bilan bog‘liq dolzarb muammolari bilan butun dunyo e’tiborida turgan mintaqamiz o‘tgan asr ikkinchi yarmidan boshlab, hanuz Orol fojiasi, iqlim inqirozi, suv yetishmovchiligi, yer degradatsiyasi, o‘simlik va hayvonot dunyosi qirilishi kabi masalalarga yechim izlamoqda.
BMT ko‘magida uyushtirilgan Ostona sammiti suv resurslari, energetika, iqlim o‘zgarishi hamda barqaror rivojlanish masalalarini muvofiqlashtirishga qaratildi.
Kuchayib borayotgan tahdid – muzliklar erishi, biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi kabi muammolarga birgalikda yechim izlash ham diqqat markazida bo‘ldi. Aynan shunday izchil hamkorlik mintaqa davlatlari iqtisodiyotini yuksaltirib, xavfsizlikni ta’minlashi mumkin.
O‘zbekiston yetakchisi sammitning ochilish marosimidagi nutqida asosiy muammolarga yana bir bor hamkasblari e’tiborini qaratib, mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
– Bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishidan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz. – Global isish sur’ati jadallashyapti. Markaziy Osiyoda harorat ikki barobar tez ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibi beqarorligi kuzatilib, suv resurslari tanqisligi ortyapti. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchragan.
Orol fojiasining oldini olish so‘nggi 10 yilda umummilliy harakatga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ishlar dengiz tubida yashil maydon barpo etish harakatiga aylandi. Bu xayrli ishga xalqaro moliya institutlari ham e’tibor qaratishini umumjahon iqlim o‘zgarishi va ekologiyasiga respublikamiz tomonidan bildirilayotgan aniq takliflar qo‘llab-quvvatlanishi sifatida baholash mumkin.
Prezident o‘z nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining xalqaro maydonda noyob mintaqaviy tuzilma sifatidagi mavqei ko‘tarilayotgani, Markaziy Osiyoda suv taqchilligi kuchayishiga sabab bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi va suv iste’moliga ehtiyoj ko‘payib, talab yanada ortayotganini ta’kidladi.
– Ekspertlar bahosiga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv taqchilligi qariyb ikki barobar – yiliga 20 milliard kub/metrgacha oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.
Shunday bir payt mintaqa mamlakatlarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun ilg‘or, zamonaviy va namlikni saqlovchi texnologiya qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatkichlar ko‘ngilga taskin beradigan darajada emas. Masalan, qishloq xo‘jaligida bir dollar qo‘shilgan qiymat yaratish uchun belgilanganganidan taxminan 3 kub/metr ko‘p suv sarflanmoqda. Dunyoda bu raqam ikki barobar kam.
Davlat rahbari O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natija berayotganiga ham batafsil to‘xtaldi. Qisqa muddatda sug‘oriladigan yerlarimizning 60 foiziga suv tejaydigan texnologiya joriy etildi. Irrigatsiya tarmog‘ini mustahkamlash 40 foizga yetkazildi. Mamlakatning aksar ekin maydonlari suv so‘rg‘ich (nasos) bilan ta’minlangan. Nasos stansiyalari modernizatsiya qilinishi hisobiga suv xo‘jaligida energiya iste’moli qariyb 30 foiz qisqardi. Bu yo‘nalishda izlanish davom etadi.
O‘rni kelganda aytaylik: hozir 600 000 dan ziyod suvdan foydalanuvchi va 4 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yerni qamrab oladigan yagona raqamli ma’lumotlar markazi shakllantirilmoqda. Samarador loyihalar amalga oshirilishi tufayli har yili 10 milliard kub/metrdan ko‘p obi hayot tejalyapti. 2030-yilga borib ushbu raqam 15 milliardga yetadi.
Kompleks va izchil xususiyatga ega ushbu chora-tadbirlar o‘tgan yil qabul qilingan Suv kodeksida ifodasini topgan.
Mamlakatimiz yetakchisi kelgusi yil boshlanadigan O‘zbekistonning OQXJga raisligi davri uchun belgilangan muhim yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, jamg‘arma faoliyatini yanada rivojlantirish, tuzilma shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish zarurligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini kiritish tavsiya etildi. Xususan, BMTning Orol bo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi mandati va geografik qamrovini butun Orol dengizi havzasigacha kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.
– Bu barcha davlatlarimiz hududida amalga oshiriladigan hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga maqsadli investitsiya yo‘naltirish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jamg‘arma suv-energetika masalasi, muzliklar va tog‘ ekotizimini asrash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yishi lozimligi ta’kidlandi. Bu yo‘lda Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi bilan birga maqsadli, aniq loyihalar amalga oshirish taklif etildi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqlarimizning hayot manbai sifatida suvga nisbatan ehtiyotkor munosabatda bo‘lishdek ko‘p asrlik an’anasini qayta tiklash zaruratiga alohida urg‘u berdi.
– Ko‘rinib turibdiki, agar jamiyatning suvga munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimi kutilgan samarani bermaydi, – dedi davlatimiz rahbari. – Uzluksiz ta’lim tizimi orqali – maktabgacha muassasalardan mutaxassislar tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz kerak.
Bundan tashqari fermerlar va sanoatda band aholini suv tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, jumladan Afg‘onistonning huquqi va majburiyatini hisobga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirish zarur.
O‘zbekiston Prezidenti qo‘shni mamlakatlar yetakchilarini shu yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha jahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi.
Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonoti, shuningdek Qozog‘iston raisligining borishi, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb e’lon qilish hamda O‘zbekiston yetakchisini 2027-2029-yillarda jamg‘arma prezidenti etib saylash to‘g‘risidagi qarorlarni imzoladilar.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Prezidentining shu kungacha Orol muammosi bilan bog‘liq masalalarda bildirgan takliflari izchil samara berib kelmoqda. 2027-2029-yillarda amalga oshiriladigan ishlar esa yanada salmoqli bo‘lishi shubhasiz.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA