Harbiy xizmat o‘tashning jozibadorligi oshiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tashning nufuzi va jozibadorligini oshirish, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan oliy harbiy, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish nazarda tutilmoqda. Qayd etilganidek, ushbu rag‘batlantirish chorasi harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatdagi yangi normalar yuqori malakali uchuvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, ularning ko‘p yillik tayyorgarligi va tajribasini harbiy aviatsiyani yanada rivojlantirishga yo‘naltirish hamda Qurolli Kuchlarning professional salohiyatini yuksaltirish imkonini beradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA