Chiqindi xizmatlari uchun to‘lov tizimida qanday masalalar bor?
Parlament quyi palatasi majlisida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sh.Hasanovga “Chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ushbu sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda mazkur sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019–2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, Prezidentimizning sohaga oid qator farmon va qarorlari qabul qilindi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchilarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga umumiy qiymati 386,5 mlrd. so‘m miqdoridagi investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasini ishlab chiqish yo‘nalishida amaliy ishlar bajarilmoqda. Xususan, Toshkent shahri hamda Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida umumiy qiymati 933 million dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda olib borayotgan o‘rganishlari mazkur sohada qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, rekultivatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash bilan bog‘liq kechikishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, ayrim chiqindi poligonlarini ekologik normativlar, sanitariya qoidalari va normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirish zarurati mavjud.
Bundan tashqari, joylarda sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bo‘yicha, xususan, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifati yuzasidan ham ayrim fuqarolar tomonidan murojaatlar bo‘lmoqda.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ushbu sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish haqida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktoriga parlament so‘rovi yuborildi.
M.Komilova, O‘zA