Harbiy kasbiy tayyorgarlik – amaliy mahorat maktabi sanaladi
Xizmat nuqtasida qabul qilingan birgina qaror, muhim palladagi bir lahzalik mulohaza butun vaziyatning keyingi rivojini belgilashi, gohida esa bir necha bo‘linmaning harakati va jangovar topshiriq natijasiga ta’sir qilishi mumkin.
Harbiy xizmatda vaqt ham, vaziyat ham kutib turmaydi. Shu bois bugungi ofitserdan faqat bilim va tajriba emas, vaziyatni tez baholash, asoslangan qaror qabul qilish va uni aniq harakatga aylantirish mahorati ham talab etiladi.
Zamonaviy harbiy texnologiyalar, qo‘shinlarni boshqarish usullari va taktik yondashuvlar jadal o‘zgarmoqda. Uchuvchisiz uchish apparatlari, aloqa va boshqaruv tizimlari, radioelektron kurash vositalari kabi yo‘nalishlardagi yangilanishlar harbiy kadrlar tayyorgarligiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda. Bunday sharoitda bir marta egallangan bilim bilan cheklanish mumkin emas: ofitser o‘z kasbiy salohiyatini muntazam takomillashtirib, yangi yondashuvlarni amaliyot bilan bog‘lay olishi zarur.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda uning tarkibidagi institut va fakultetlarda “Harbiy kasbiy tayyorgarlik” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.
Kursda operativ-taktik bo‘g‘indagi ofitserlar ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarni universitetning malakali professor-o‘qituvchilari hamda tajribali yo‘riqchilar olib bordi. Kurs boshida o‘tkazilgan kirish testlari orqali tinglovchilarning tayyorgarlik darajasi aniqlanib, natijalar asosida o‘quv jarayonining ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Bu esa mashg‘ulotlarni umumiy qolip emas, tinglovchining mavjud salohiyati va xizmat ehtiyojlariga yaqinlashtirish imkonini bermoqda.
Nazariy bilimlar amaliy topshiriqlar, vaziyatli tahlillar va xizmatga yaqinlashtirilgan mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.
Harbiy kasbiy tayyorgarlikning haqiqiy qiymati o‘tilgan mavzular yoki ajratilgan soatlar bilan emas, ularning xizmatdagi natijasi bilan belgilanadi. Tinglovchi murakkab vaziyatni qanchalik tez tahlil qiladi, qarorni qay darajada asoslaydi, bo‘linma harakatini qanday tashkil etadi – kurs samaradorligi, avvalo, ana shu amaliy ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘ladi.

– Bugungi harbiy vazifalarning murakkabligi ofitserdan bilimini muntazam yangilab, uni amaliy ko‘nikmaga aylantirishni talab etadi. Harbiy-kasbiy tayyorgarlikning asosiy mezoni – o‘zlashtirilgan bilimning xizmatdagi natijasidir, – deydi universitetning O‘quv va uslubiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Ibrohim Hamdamov.
Shu nuqtai nazardan, kasbiy kompetensiya, bu – faqat bilim hajmi emas. U tahliliy fikrlash, tezkor va asoslangan qaror qabul qilish, resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, shaxsiy tarkibni boshqarish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish qobiliyatlarining yaxlit tizimidir.
– Bugun kurs auditoriyalarida aynan shu qobiliyatlar shakllantirilganligini ko‘rishimiz mumkin, – deya fikr bildiradi kurs tinglovchisi podpolkovnik Sherzod G‘afurov. – Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchining mavjud tajribasi yangi bilim va yondashuvlar bilan boyitilib, uning murakkab vazifalarga tayyorligi mustahkamlandi.
Shu ma’noda, bu kurslar bugungi vazifaga tayyorgarlik bilan birga ertangi talablarga moslashish qobiliyatini ham shakllantiradi. Chunki harbiy salohiyatning barqarorligi nafaqat texnika va texnologiya, balki ularni to‘g‘ri boshqara oladigan kadrning kasbiy mahoratiga bog‘liq.
A. RUSTAMOV,
O‘zA