Halollik ustuvor jamiyatda yuksalish bo‘ladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat taraqqiyoti, mamlakatning xalqaro miqyosdagi obro‘si va nufuzini oshirishda muhim o‘rin egallaydi. Shu bois, yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida kechayotgan islohotlar jarayonida korrupsiyaga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bosh boshqarmasiga qarashli Pastdarg‘om bank xizmatlari markazida korrupsiyaning oldini olish, bank tizimida shaffoflikni ta’minlash hamda xodimlar tomonidan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati korrupsiyaning oldini olishni muvofiqlashtirish bo‘limi mutasaddilari, tuman ichki ishlar bo‘limi hamda Pastdarg‘om bank xizmatlari markazi mas’ullari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, sohada huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati va talablari, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash hamda bartaraf etish mexanizmlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat intizomini mustahkamlash va ichki nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning jamiyat va iqtisodiyot rivojiga ko‘rsatadigan zarari haqida tushunchalar berildi hamda har bir xodim o‘z faoliyatida qonun ustuvorligiga qat’iy amal qilishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati mazmunli va samimiy ruhda o‘tdi. Zero, halollik ustuvor bo‘lgan jamiyatda, adolat qaror topgan joyda qut-baraka va yuksalish bo‘ladi.
N.Usmonova,
O‘zA