“Belagro-2026”: O‘zbekiston milliy stendi xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda
Shu kunlarda Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida “Belagro-2026” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi milliy ekspozitsiya bilan qatnashyapti. Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarining keng turlari namoyish etilmoqda. Ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, ularning eksport salohiyati hamda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.

Xususan, O‘zbekiston milliy stendi ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko hamda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Andrey Yakovchits O‘zbekiston stendiga tashrif buyurib, unda namoyish etilgan mahsulotlar va taqdim etilgan eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tadbir mamlakatimiz agrosanoat majmuasining eksport imkoniyatlarini namoyish etish, xorijiy hamkorlar bilan yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda tashqi bozorlarda milliy mahsulotlar nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, tadbir davomida Belarusning yirik savdo tarmoqlari va riteyl kompaniyalari vakillari bilan qator B2B uchrashuvlar tashkil etilyapti. Muzokaralarda O‘zbekiston mahsulotlarini Belarus bozoriga kengroq yetkazib berish, savdo hajmini oshirish va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Belagro-2026” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi 6-iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA