Futzalni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston futzal federatsiyasining navbatdagi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida 2026/2027-yilgi futzal mavsumi, mamlakat Oliy ligasi musobaqasining dastlabki turlari hamda 2-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Super kubogi uchrashuvlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
O‘FF Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, mamlakat terma jamoalari bosh murabbiylari hamda federatsiya mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Bekzod Mamatqulov yangi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, milliy chempionat nufuzini oshirish hamda futzalni yanada ommalashtirish zarurligini ta’kidlab, uchrashuvlarni zamonaviy infratuzilmaga ega sport inshootlarida o‘tkazish, musobaqalar geografiyasini kengaytirish, hakamlik, teletranslatsiyalar hamda klublarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan tegishli tavsiya va vazifalar keltirib o‘tdi.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston milliy, yoshlar va sohil futboli terma jamoalarining taqvim rejalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, FIFA kunlari doirasida milliy terma jamoaning Yevropadagi kuchli raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari, yoshlar terma jamoasining yopiq inshootlarda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki hamda sohil futboli terma jamoasining Osiyo chempionatiga tayyorgarligi yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, O‘FF Intizom komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA