Bugun “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” turnirida g‘oliblar aniqlanadi
AQSHning Sent-Luis shahrida davom etayotgan “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” xalqaro turnirining blits yo‘nalishidagi musobaqalarning 9 ta turi ortda qoldi.
Mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat musobaqaning ortda qolgan 9 ta tur o‘yinlarida Javohir Sindorov 3 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat va 5 ta durang natija qayd etdi.
Murosasiz bahslarda mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov Fabiano Karuana, Evonder Liang va Lener Domingesni mag‘lub etgan bo‘lsa, niderlandiyalik Jorden van Forestga imkoniyatni boy berdi. Levon Aronyan, Anish Giri, Vinsent Keymer, Rameshbabu Praggnanandha va Uesli So bilan murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 6-avgust kuni blits bahslarining qolgan 9 ta tur o‘yinlari o‘tkazilib, rapid va blits yo‘nalishlarida to‘plangan ochkolar umumlashuvida g‘olib aniqlanadi.

Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, turnir jadvalida Rameshbabu Praggnanandha 18 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda joylashgan Javohir Sindorov hisobida 16,5 ochko mavjud. Amerikalik Uesli So 15 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etgan vaziyatda Levon Aronyan 14,5 ochko bilan to‘rtinchi qatorda harakatlanmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA