Futbolchilarimiz Suriyani yirik hisobda taslim etdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi FIFA kunlari doirasida Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi.
“Paxtakor” stadionida o‘tgan bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bahrayn ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 27-daqiqasida Husayn Norchayev to‘pni Sherzod Esanovga uzatdi. Esanov aylanma zarba bilan darvozani aniq nishonga olib, hisobni ochdi — 1:0. 45-daqiqada Aziz Amonovning uzun pasidan so‘ng Akmal Mozgovoy hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limning 49-daqiqasida Abbos Fayzullayevning chap qanotdan amalga oshirgan aniq uzatmasidan keyin Husayn Norchayev bosh bilan zarba berib, hisobni 3:0ga yetkazdi. 90-daqiqada Diyor Xolmatovning jarima maydonchasiga uzatgan aniq to‘pini Husayn Norchayev bosh bilan darvozaga yo‘lladi va ikkinchi goliga mualliflik qildi. Suriya terma jamoasining yagona goliga Mahmud al-Mavos mualliflik qildi.
Endi Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi futbolchilarimiz 6-oktabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA