Futbolchilarimiz ertaga oq libosda o‘ynaydi
Avval xabar berganimizdek, 27-30-mart kunlari Toshkentda futbol bo‘yicha “FIFA Series – 2026” musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Venesuela, Gabon, Trinidad va Tobago milliy terma jamoalari ishtirok etadi.
FIFA qaroriga ko‘ra, turnir guruh bosqichi formatida o‘tadi ammo faqat ikki turdan iborat bo‘ladi. Har bir jamoa ikkitadan o‘yin o‘tkazadi. Jumladan, 27-mart kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gabon termasiga qarshi “Bunyodkor” stadionida o‘ynaydi. Shu kuni “Paxtakor” stadionida Venesuela - Trinidad va Tobago milliy terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. 30-mart sanasida esa O‘zbekiston “Bunyodkor”da Venesuela bilan, “Paxtakor” Gabon hamda Trinidad va Tobago milliy termalari ro‘baro‘ keladi.
Shu o‘rinda, milliy jamoamizning ertangi o‘yini haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga Gabonga qarshi oq libosda maydonga tushadi. Darvozabon esa qora libosda harakat qiladi. Ushbu jamoalar buganga qadar o‘zaro to‘qnash kelmagan. 2026-yil mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida 52, Gabon milliy jamoasi esa 86-o‘rinda bormoqda.
“Transfermarkt” ma’lumotiga ko‘ra, milliy jamoamizning taxminiy tarkibi 78 million yevroni tashkil qiladi va ular orasida eng qimmat futbolchi — “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov. U ayni damda 35 million yevroga baholanadi. Shuningdek, Eldor Shomurodov va Abbos Fayzullayev 7 million yevro qiymatiga ega. Gabon terma jamoasining taxminiy qiymati 29,5 million yevro.
Umid qilamizki, ushbu uchrashuv terma jamoamizning mundial oldidan tayyorgarligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA