Foydalanishga topshirilmagan talabalar turar joyidagi talabalar boshqa TTJlarga ko‘chirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universiteti talabalari talabalar turar joyidan chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Ob’ektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va zarur ruxsatnomalar olinmagan.
Aniqlanishicha, ayrim talabalar tadbirkor tomonidan belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgan. Shuningdek, boshqa OTM talabalari ham mazkur ob’ektga joylashtirilgan.
Universitet va vazirlik talabalar noqonuniy tartibda joylashtirilganidan oldindan xabardor bo‘lmagan. Holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida ular ob’ektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirildi. Boshqa OTM talabalari esa o‘z ta’lim muassasalariga qaytarildi.
Xorijiy talabalar ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz foydalanishga topshirilmagan binodan chiqarilgan. Ayni paytda ob’ektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda. Issiq suv va isitish tizimlari ham hali to‘liq ishga tushirilmagan.
Mazkur ob’ektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 100 foiz miqdorida qaytarib berilgan.
Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, ob’ekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA