FOTOGALEREYA: Istiqlol yillari — Toshkent solnomasida
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!».
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zA saytida tashkil etilgan maxsus fotogalereyalar turkumi poytaxtimizga bag‘ishlangan suratlar bilan yakunlanmoqda.
Ushbu fotogalereyada Toshkent shahrining so‘nggi yillardagi taraqqiyot yo‘li, shahar qiyofasidagi yangilanishlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning inson hayotidagi ifodasi fotokadrlarda aks etgan.
Poytaxt ko‘chalari, mahallalari va yangi massivlaridagi bunyodkorlik ishlari, zamonaviy turar-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma loyihalari Toshkentning tobora yangilanib borayotgan qiyofasini namoyon etadi.
Fotosuratlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i kabi xalqimizning milliy g‘ururi va istiqlol g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan maskanlar bilan bir qatorda, poytaxtning yangi taraqqiyot bosqichini belgilab berayotgan ulkan loyihalar ham o‘z aksini topgan. Xususan, jadal sur’atlarda barpo etilayotgan Yangi Toshkent — zamonaviy shaharsozlik, keng imkoniyatlar va kelajak avlodlar uchun munosib muhit yaratishga qaratilgan ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
[gallery-31151]
Suratlarda ilm-fan va ta’lim sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar, zamonaviy tibbiyot muassasalari, sport inshootlari, sanoat korxonalari va ishlab chiqarish jarayonlari ham keng o‘rin olgan. Bu kadrlarda yangi bilim va kasblarni egallayotgan yoshlar, mehnat qilayotgan insonlar timsolida taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi — inson omili namoyon bo‘ladi.
Ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar, inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar ham fotogalereyaning muhim mazmunini tashkil etadi. Zero, islohotlarning asosiy maqsadi insonning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish bilan chambarchas bog‘liq.
Toshkentning tarixiy obidalari, zamonaviy arxitekturasi, istirohat maskanlari va sayyohlik salohiyatini aks ettirgan kadrlar esa poytaxtning tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror qiyofasini namoyon etadi.
Sanoat va ishlab chiqarishdagi o‘sish, yangi korxonalar va ish o‘rinlari, ilm-fan va ta’limdagi yangilanishlar, tibbiyot va sportdagi imkoniyatlarning kengayishi, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar — bularning barchasi fotokadrlarda yagona manzaraga, ya’ni istiqlol yillarida shakllangan yangi Toshkent qiyofasiga birlashadi.
Fotosurat bir lahzani muhrlaydi. Ammo ularni bir butun holda kuzatar ekanmiz, so‘nggi yillardagi ulkan o‘zgarishlarning yaxlit manzarasi namoyon bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga bag‘ishlangan fotogalereyalardan so‘ng Toshkent shahriga oid ushbu yakuniy galereya ham yurtimiz taraqqiyotining turli qirralarini fotosuratlar orqali namoyon etadi.
Xulosa o‘rnida: istiqlol yillarida bosib o‘tilgan yo‘l — bu, avvalo, inson mehnati, bunyodkorlik va yangilanishlar tarixidir. Ushbu fotogalereyalar turkumida jamlangan kadrlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tortib, mamlakatimizning barcha hududlaridagi o‘zgarishlarni turli qirralari bilan aks ettirdi.
Ularning so‘nggi manzili — Toshkent. Bugun poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i istiqlol g‘oyalarini, Yangi Toshkent esa kelajakka qaratilgan ulkan maqsadlarni o‘zida mujassam etmoqda. Shu ma’noda, bu fotogalereya nafaqat o‘tgan 35 yillik taraqqiyotga nazar, balki ertangi kunga ishonch va intilishning ham fotoyilnomasidir.
O‘zA