O‘zbekiston barchamizni birlashtirgan Vatan (+video)
O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik yurtimiz taraqqiyotining muhim omili bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekiston rus milliy madaniy markazi raisi Sergey Mironov ham bugungi kunda mamlakatimizda yaratilgan bag‘rikeng va do‘stona muhit, barcha millat vakillariga bo‘lgan e’tibor haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Bugun Vatanimizda yashayotgan barcha xalqlar, turli millat vakillari yurtimizning 35 yillik qutlug‘ bayramini katta quvonch bilan kutib olmoqda.
35 yil ko‘pmi yoki kammi — buni aytish qiyin. Lekin shu davr mobaynida respublikamizda juda katta o‘zgarishlar bo‘lganini dadil ayta olaman. Bu o‘zgarishlar barcha jabhalarda, jumladan, ilm-fan, iqtisodiyot, tibbiyot va boshqa sohalarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Bularning barchasi, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yurtimizda yashayotgan ko‘plab millat vakillarining ham mehnati, fidoyiligi va hissasi natijasidir.
Shu o‘rinda Rus millati markazining ham mamlakatimiz rivojiga qo‘shayotgan alohida hissasini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bugungi kunda markazimizning 23 ta bo‘linmasi mavjud bo‘lib, ular shahar va tumanlarda faoliyat yuritmoqda. Bayram arafasida ushbu bo‘linmalarimiz tomonidan turli tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, faol yurtdoshlarimiz ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Menimcha, bu taqdirlashning o‘zi insonni yanada ruhlantiradi. Ko‘krak nishonini olgan ko‘pchilik: «Men shu Vatanimiz ravnaqi uchun yana nima qila olaman?» degan savolni o‘z-o‘ziga bergan bo‘lsa, ajab emas. Chunki inson mehnati e’tirof etilsa, bu uni yanada ko‘proq ezgu ishlar qilishga undaydi.
Men yana bir muhim jihatni ta’kidlamoqchiman: yurtimizda yashayotgan barcha millat vakillarining maqsadi bitta — O‘zbekistonning tinchligi, taraqqiyoti va farovonligiga hissa qo‘shish.
O‘zbekistonda barcha millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan oqilona siyosat olib borilmoqda. Ana shu siyosat nafaqat milliy madaniy markazlarni, balki yurtimizda yashayotgan barcha xalqlarni bir maqsad atrofida birlashtirib turibdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LiWCYS7eWRY" title="O’zbekiston barchamizni birlashtirgan vatan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
O.Pardayev (video),
S.Obidjonov (montaj), O‘zA