Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarga oid yangi tartib belgilandi
Adliya vazirligi Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yilning 9-iyun kuni qabul qilingan Nizom fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi sifatidagi professional faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga litsenziya beriladi.
Ushbu hujjatda litsenziya talabgori uchun quyidagi litsenziya talab va shartlari belgilangan:
– Ustav fondini BHMning 5 800 baravari miqdorida pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirish;
– Ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilish hamda litsenziatning direktori va uning o‘rinbosarlari almashishini litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
– Birja tovarlariga talab va taklif nisbati asosida ularga kotirovkani amalga oshirish va boshqalar.
Litsenziyalovchi organ (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) tomonidan litsenziya olish bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek litsenziyani qayta rasmiylashtirganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi qabul qilingan kundan e’tiboran 20 ish kuni ichida qabul qilinadi.
Litsenziya QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi hamda litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Shuningdek, Qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi ham belgilandi.
Endilikda investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlash uchun yuridik shaxslar maxsus axborot tizimi orqali OneID yordamida Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga elektron xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada tashkilot haqidagi asosiy ma’lumotlar, rahbar va mutaxassislarning malaka sertifikatlari hamda belgilangan talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar axborot tizimi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi. Talablarga muvofiq yuborilgan xabarnoma shu kunning o‘zida qabul qilinib, 1 ish kuni ichida elektron tasdiqnoma rasmiylashtiriladi.
Noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganda, belgilangan talablar bajarilmaganda yoki faoliyatni amalga oshirish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlar mavjud bo‘lganda xabarnoma qabul qilinmaydi.
Investitsiya maslahatchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotning nomi yoki yuridik manzili o‘zgargan taqdirda, bu haqda vakolatli organ 10 ish kuni ichida xabardor qilinishi lozim.
Shuningdek, investitsiya maslahatchisi faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun qator talablar belgilandi.
Jumladan, tashkilot kamida 50 mln. so‘m miqdorida o‘z mablag‘lariga ega bo‘lishi, qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari bilan elektron hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi hamda ichki hisob va nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim.
Shuningdek, rahbar va mutaxassislar tegishli ma’lumot, ish tajribasi hamda malaka talablariga javob berishi, iqtisodiy va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlanmagan bo‘lishi talab etiladi.
Agar investitsiya maslahatchisi o‘z dasturiy ta’minotidan foydalansa, unga bo‘lgan mualliflik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar ham mavjud bo‘lishi kerak.
Sherbek Islomov, O‘zA