Millat genofondi va aholi salomatligi – oliy qadriyat
Yangi qonun
Asr vabosi sifatida insoniyat kelajagiga raxna solayotgan eng katta xavflardan biri bu – giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular sintetik analoglarining noqonuniy aylanmasidir.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvandlik nafaqat shaxs sog‘lig‘ini yemiradi, balki jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy asoslariga putur yetkazadi, jinoyatchilikning ortishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik balosidan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bu boradagi ishlarni mutlaqo yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Davlatimiz rahbari Parlamentimiz tomonidan qabul qilgan yangi tarixiy qonunni imzolashi, mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va kelajak avlodni asrab-avaylash yo‘lidagi eng qat’iy qadamlardan biri bo‘ldi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bungacha mavjud bo‘lgan huquqiy mexanizmlar narkobiznesning zamonaviy va yashirin usullariga qarshi kurashishda tizimli bo‘shliqlarga ega edi. Shu sababli, yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi alohida bob kiritildi.

Jinoyat kodeksiga bunday nomlanishdagi maxsus bobning kiritilishi davlatning ushbu illatga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarganini anglatadi. Endilikda giyohvandlikka oid jinoyatlar nafaqat jamoat tartibiga qarshi qaratilgan harakat, balki millatning biologik va intellektual kelajagiga (genofondiga) qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sifatida malakalanadi.
Ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida “apteka narkomaniyasi” yoki sintetik giyohvandlik moddalarining tarqalishi xavfi kuchaygan bir sharoitda, ushbu bob huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kuchli va murosasiz huquqiy qurol bo‘lib xizmat qiladi.
Barchaga ma’lum, bugungi kunda an’anaviy qoradori yoki ko‘knorning o‘rnini kimyoviy yo‘l bilan olinadigan, inson ruhiyatini birinchi iste’moldanoq izdan chiqaradigan sintetik narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop moddalar egallamoqda. Ularning savdosi asosan internet tarmog‘i, yashirin messenjerlar va raqamli to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilmoqda.
Yangi qonun narkojinoyatlarning ana shunday zamonaviy usul va shakllarini inobatga olgan holda, quyidagi qilmishlar uchun alohida va keskin javobgarlikni belgilamoqda. Xususan, endilikda sintetik moddalarni yashirin laboratoriyalarda ishlab chiqaruvchilarga nisbatan eng og‘ir jazo choralari qo‘llaniladi. Narkotrafikni tashkil etuvchi, ularni moliyalashtiruvchi va jarayonni parda ortidan boshqaruvchi “narkobaron”lar va jinoiy guruh yetakchilari uchun jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Ushbu choralar jinoyatning nafaqat oqibati bilan, balki uning ildizi ishlab chiqaruvchisi, tashkilotchisi va mablag‘ bilan ta’minlovchisi bilan kurashish imkonini beradi.
Shuningdek, yangi qonun hujjati shunchaki yangi qoidalarni kiritish bilan cheklanmay, mavjud tizimdagi jazo choralarini ham keskinlashtirdi. Xususan, aholi salomatligi va genofondiga jiddiy xavf soluvchi jinoyatlar uchun javobgarlik nazarda tutilgan amaldagi 16 ta modda hamda 3 ta o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha yangi moddalar kiritilib, ularga alohida maqom berildi. Bu turdagi jinoyatlar qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida jinoiy javobgarlik choralari og‘irlashtirildi.
Eng muhimi, o‘ta og‘ir turdagi ayrim narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi belgilandi. Bu o‘zgarishlar jamiyatda jinoyat uchun jazoning muqarrarligi prinsipini yanada mustahkamlaydi. Har qanday jinoyatchi yoshlarni zaharlash orqali boylik orttirishning oqibati uzoq yillik qamoq jazosi ekanini anglab yetadi.
Giyohvandlik moddalari yoki ruhiyatga ta’sir qiluvchi vositalar ta’sirida transport vositasini boshqarish – bu nafaqat haydovchi, balki yo‘ldagi yuzlab begunoh insonlar, piyodalar va yo‘lovchilarning hayotini xavf ostiga qo‘yish demakdir. Qonunchilikdagi yangi o‘zgarishlar mana shunday xavfli holatlarning oldini olish, yo‘llarda tartib-intizomni kuchaytirish va insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish yo‘l-transport hodisalariga chek qo‘yishga qaratilganligi bilan ham yanada ahamiyatlidir.
Umuman olganda, ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bois, qonunning qabul qilinishi bu shunchaki huquqiy hujjat emas, balki davlatning o‘z fuqarolari, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar hayotiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligining amaliy ifodasidir. Endigi vazifa ushbu qonun ijrosini joylarda qat’iy ta’minlash, keng jamoatchilik, mahalla va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda giyohvandlikka qarshi “ijtimoiy immunitet”ni shakllantirishdan iboratdir.
Zero, sog‘lom millat va xavfsiz jamiyat – kuchli va qudratli davlatning bosh poydevoridir. Bu, ayniqsa, Parlament va mahalliy Kengashlar deputati bo‘lgan xalq vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz, xalq vakillari joylarda qonun ijrosiga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari bilan hamkorlikda belgilangan har bir norma ijrosini ta’minlashga to‘laqonli mas’ul sanalamiz.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA