Zamonaviy qurilish: sifat, xavfsizlik va yangi yondashuvlar
Navoiy viloyatida qurilish va bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish, aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, ko‘p xonadonli uylarning holatini yaxshilash hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar, erishilgan natijalar va mavsumga tayyorgarlik jarayonlari haqida Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Zamonaviy qurilish: sifat, xavfsizlik va yangi yondashuvlar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Akbar Niyozov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Aziz Otaqulov, viloyat hokimi matbuot kotibi Shohira Raubayeva, jurnalist va blogerlar hamda soha mas’ullari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi bunyodkorlik ishlarining ko‘lami hududlarning qiyofasini yangilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan. 2026-yilda viloyatda 559 ta maqsadli ob’ektni qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib, 2 trillion 734 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirga qadar rejaning 73,9 foizi bajarilib, 298 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.
– Investitsiya dasturi doirasida 841,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, ayni paytda Navoiy davlat universitetining 12 ming o‘rinli kampusi, yangi viloyat kardiologiya dispanseri kabi muhim ob’ektlarda ishlar davom etmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari A.Niyozov. – “Yangi Navoiy” shaharchasi va “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi yirik ob’ektlar qurilishi 86,4 foizga yetkazilgan. Eng muhimi, bunyod etilayotgan har bir inshootning o‘z vaqtida, sifatli va belgilangan talablar asosida foydalanishga topshirilishi nazoratga olingan.
Bugungi kunda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda jami 5 ming 706 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan. Hozirda 2 ming 356 xonadonli 33 ta uy foydalanishga topshirildi. Shuningdek, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, yer ajratish jarayonlarini raqamlashtirish va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida ko‘p xonadonli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, uylarni ta’mirlash va issiqlik ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Bugungi kunda viloyatda 2 ming 133 ta ko‘p xonadonli uy mavjud bo‘lib, ularda 322,3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ko‘p xonadonli uylarga 76 ta boshqaruv tashkiloti va 1 ming 253 nafar ishchi-xodim xizmat ko‘rsatadi.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida rejalashtirilgan 166 ta uyning 162 tasida ta’mirlash ishlari yakunlanib, 98 foizlik ko‘rsatkichga erishildi. Qolgan to‘rtta uydagi ta’mirlash ishlarini 15-oktabrga qadar tugallash belgilangan, – deydi A.Otaqulov. – Bu jarayonda uylarning texnik holatini yaxshilash, sovuq kunlarda aholi uchun qulay sharoit yaratish va mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga e’tibor qaratilmoqda. Uy-joylar atrofidagi infratuzilmani rivojlantirish uchun 39,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan 98 ta bolalar maydonchasi, piyodalar yo‘laklari va irrigatsiya tarmoqlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 15 ta liftni ta’mirlash va yangilash ishlari yakunlangan. Issiqlik ta’minoti bo‘yicha rejalashtirilgan 16 ta issiqlik qozonining barchasi mavsumga tayyor holatga keltirilgan.
[gallery-31832]
Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishda elektr, gaz, issiqlik va suv ta’minoti tizimlarining uzluksiz ishlashi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Qish mavsumida yo‘llarni saqlash va zarur hollarda qordan tozalash ishlarini tashkil etish uchun 171 ta maxsus texnika shay holatga keltirilgan. Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi dispetcherlik xizmatlari tashkil etilib, zarur moddiy-texnik zaxiralar shakllantirilgan.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob va tushuntirishlar oldilar.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri