Adolat va matonat timsoli bo‘lgan ayolga ehtirom ko‘rsatildi
Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlar hamisha e’zozu ehtiromga loyiq. Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilib kamolga yetgan Halima Muhiddinova ham uzoq yillar sud-huquq tizimida samarali faoliyat yuritgan, hayotini xalq xizmatiga bag‘ishlagan fidoyi insonlardan edi.
Tajribali huquqshunos, o‘z vaqtida Oliy sud raisi sifati ish olib borgan Ustoz Halima Muhiddinovaning nomini abadiylashtirish, ibratli hayot yo‘lini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida Namangan shahrida huquqshunos tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Prezident Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi mutasaddilari, shuningdek, viloyatlardan kelgan sud faxriylari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirokidagi xotira tadbiri avvalida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Halima Muhiddinova nomidagi akademik litseyda sud-huquq sohasi fidoyisining hayot yo‘li va amalga oshirgan ezgu ishlariga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Ustoz xotirasini abadiylashtirish maqsadida ta’lim dargohida Halima Muhiddinova byusti o‘rnatilib, xotira muzeyi tashkil etildi.

– Men Halima Muhiddinova nomidagi akademik litseyda ta’lim olayotganimdan bag‘oyat xursandman, – deydi birinchi bosqich o‘quvchisi Munzira Rahmatullayeva. – Kelajakda u kishi kabi fidoyi huquqshunos bo‘lmoqchiman.

Viloyat musiqali drama teatrida davom ettirilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar Halima Muhiddinova mehnat faoliyatiga to‘xtalib, xizmatlari, jasorati va fidoyiligi haqida to‘xtalishdi.

Xotira tadbiri davomida Halima Muhiddinovaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Matonat malikasi” kitobi hamda shu nomdagi hujjatli film taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, sud-huquq sohasi fidoyisiga bag‘ishlab sahnalashtirilgan teatr kompozitsiyasi tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

– Bugun Halima opamizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilgan ezgu ishlardan ta’sirlanib, ko‘zimizga yosh keldi, – deydi atoqli sudyaning jiyani Sanobar Soliyeva. – Darhaqiqat, opamiz har qanday vaziyatda ham kasbiga sodiq qolib, xalq manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan inson bo‘lgan.

Tantanali tadbir davomida Halima Muhiddinova hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab kuylangan “Adolat quyoshi” nomli qo‘shiq premerasi ham bo‘ldi. Qolaversa, yozuvchilar tomonidan “Umr saodati” doston poemasi va “Mehrning mangu qo‘shig‘i” nomli drama yozilib, matbuo nashrlarida chop etilgani ta’kidlandi. Bu ijodiy ishlarga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlarga Namangan viloyati hokimligi tomonidan munosib taqdirlandilar.

– Bugungi hujjatli film hamda teatr kompozitsiyasi orqali ustozimizning Oliy sud raisi sifatida amalga oshirgan ishlari, tizim rivoji yo‘lidagi jonbozliklariga guvoh bo‘ldik, – deydi Namangan viloyati sudi sudyasi Nargiza Ahadova. – Albatta, bunday tadbirlar Halima Muhiddinova singari fidoyi insonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli umr yo‘lini yosh avlodga namuna qilib ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri