Feruz: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Ulug‘ shoir, musiqashunos Muhammad Rahimxon Feruz XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotida o‘ziga munosib o‘ringa ega bo‘lgan adiblardan biri edi. Xorazmda badiiy ijod, tazkirachilik, tarixnavislik, tarjimonlik, xattotlik, musiqa maktablarini, ta’bir joiz bo‘lsa, Feruz akademiyasini bunyod etgan xondir.
Ko‘hna va navqiron Xorazm ko‘p mingyillik tarixida taxtda uzoq yil o‘tirgan (47 yil) va madaniyat, san’at, ilm-fanni bu darajada taraqqiy ettirgan ma’rifatparvar xonni ko‘rmagan.
“Tanlangan asarlar”dan Feruzning oshiqona, ko‘ngilga, dilga xitob aylaguvchi g‘azallari, masnaviylari, munojot, muxammasotlari, muxammasoti Feruz, musaddasoti Feruzlari joy olgan.
Feruz – sohibi devon shoir edi. Uning she’riyati inson qalbi, qalb kechinmalari, tug‘yonlari, his-hayajonlarini o‘zida aks ettirguvchi xazinadir. Feruz ijodining bosh mavzusi xuddi mumtoz Sharq she’riyati kabi ishqdir.
Nigoro, oldi hushim, tarzi raftoringg‘a sallamno!
Yorutti tiyra kulbam, mehri ruxsoringg‘a sallamno!
Ishim qotil ko‘zung bedodidin bo‘lmiy base mushkul,
Ichib qonimni to‘ymas, chashmi xummoringg‘a sallamno!
Labing so‘zdin berur jon olgan elga dardi ishqingdan,
Ravonparvar labi jonbaxsh-u guftoringg‘a sallamno!
Hama ishq ahlidir, ey mug‘bacha, zulfing giriftori,
Bori din ahlini band etdi – zunnoring‘ga sallamno!
Deding: “Lutf ayladim!”. O‘lturding, ammo necha noz aylab,
Agar lutfing bu ersa, javru ozoringg‘a sallamno!
Qilursan noz, agar man har necha arzi niyoz etsam,
Sitamga mahvasho, bu nav’ atvoringg‘a sallamno!
Senga feruz o‘lub baxt, etding ul oy qaddi zulfing vasf,
Bu yanglig‘ tab’i nozik birla ash’oringg‘a sallamno!
Kitobga “Xorazm ilm-fani iftixori” nomli salmoqli so‘zboshi yozgan atoqli adabiyotshunos Vahob Rahmonov: “O‘zbekiston xalqlari tarixida buyuk ma’rifatparavar shoh va shoir bo‘lgan Muhammad Rahimxon Feruz ijodi har qancha o‘rganish, tadqiq qilgulikdir. ... Muhammad Rahimxon Feruzning Xorazm madaniyati va san’ati taraqqiyotiga qilgan xizmatlarini olamga mashhur Ma’mun akademiyasining davomi – Feruz akademiyasi, deya talqin etsak bo‘ladi” deya yozadi.
Muhammad Rahim yoshligidan adabiyotga havas qo‘yadi. Alisher Navoiy, Munis, Ogahiy, Komil singari shoirlarning asarlarini qunt bilan o‘rganib, ularga ergashib she’rlar yozdi, yozgan she’rlariga “Feruz” (g‘olib, baxtli, saodatli) deb taxallus qo‘yadi. Feruz shoiru sozandalarni to‘plab bot-bot g‘azalxonlik, she’rxonlik kechalari tashkil qilib turgan. Bu haqda Bayoniy bunday yozgan: “Xon hazratlari haftada ikki kun: juma va dushanba oqshomlarida ulamo bila suhbat tuzib, kitobxonlik etdurur erdilar”. Feruzning o‘zi ham she’r yozgan, ashula aytgan va musiqa bastalagan. Buni uning O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik, H.Sulaymonov nomidagi Ko‘lyozmalar institutlari, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari hamda Britaniya, Fransiya, Turkiya kabi mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan “G‘azaliyoti Feruz”, “Bayozi Feruz”, “Devoni Feruz” asarlari tasdiqlaydi.
Feruz xon sifatida ijod ahliga g‘amxo‘rlik qiladi, ularga maosh tayinladi. Ularning kitoblarini bosib chiqarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshiradi. Ularning asarlaridan iborat har xil tazkiralar, bayozlar tuzdiradi. “Haft shuaro”, “Bayozi g‘azaliyot”, “Bayozi muxammasat”, “Bayozi musaddasat” kabi to‘plamlar shular jumlasidandir.
Benazir shoir, elparvar xon Feruzning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev,
O‘zA