Turkiy tilning noyob lug‘ati
O‘rta asr xattoti qora va qizil siyoh bilan yetmish bir sahifaga muhrlagan noyob lug‘at hozirgi O‘zbekiston zaminidagi qadimiy konchilik, savdo hamda kasb-hunar an’analarini o‘rganishda muhim manbadir.
Qadimiy qo‘lyozmalar xalqning moddiy va ma’naviy turmush tarzini, hunarmandchilik an’analarini hamda ishlab chiqarish tajribasini aniq dalillar vositasida o‘rganishda eng ishonchli manba sanaladi. O‘rta asrlarga mansub yozma yodgorliklar orasida tilshunoslik va kasb-hunar tarixini o‘zida mujassam etgan maxsus lug‘atlar alohida ajralib turadi. Ana shunday manbalardan biri XIV asr o‘rtalarida tartib berilgan bo‘lib, u tarix sahifalarida “Kitobu bulg‘at al-mushtoq fiy lug‘at it-turk va-l-qipchoq” (“Turk va qipchoq tilini o‘rganishga intiluvchining ehtiyojini qondiruvchi qo‘llanma”) nomi bilan ma’lumdir. Ushbu manba muallifi Kamoliddin Abu Muhammad Abdulloh Turkiy bo‘lib, u o‘z asarida zamondoshlari muloqotda qo‘llagan, kundalik turmushda faol ishlatilgan boy so‘zlikni tizimli ravishda jamlagan. Hozirgi O‘zbekiston zaminida uzoq davrlar mobaynida shakllangan hunarmandlik, savdo-sotiq, dehqonchilik va konchilik ishlarining o‘ziga xos jihatlari mazkur manbadagi har bir so‘z qatiga singib ketgan.
Tadqiqotchilarning e’tiborini jalb etgan ushbu qo‘lyozma uzoq yillar davomida xorijiy kutubxonalarda saqlanib kelgan. Fransiya poytaxtidagi Parij milliy kutubxonasining sharq qo‘lyozmalari xazinasida 293-raqam ostida ro‘yxatga olingan ushbu asar yetmish bir sahifadan iborat bo‘lib, tuzilishi va xattotlik san’ati jihatidan noyob ko‘rinishga ega. Mazkur qo‘lyozmani har tomonlama tahlil qilgan polyak olimi Ananyash Zayonchkovskiy 1938-yilda Varshavada asarning ismlar qismini ilk bor nashr ettirgan bo‘lsa, oradan yillar o‘tib, 1954-yilda fe’llar qismini hamda 1958-yilda kitobning to‘liq nashrini ilmiy muomalaga kiritdi. Olimning ta’kidlashicha, bu asar oddiy to‘plam bo‘lmay, balki o‘z davrining boy tarixiy, etnografik va ijtimoiy manzarasini aniq aks ettirgan mukammal yozma yodgorlikdir. Qo‘lyozmaning dastlabki varag‘ida uni hijriy 855 yilda, ya’ni milodiy 1451-yilda Abu Bakr ismli shaxs o‘qib chiqqani haqida aniq dastxat saqlanib qolgan bo‘lib, bu holat asarning o‘rta asrlardayoq keng tarqalganini tasdiqlaydi.
Qo‘lyozmaning tuzilish tartibi va yozuv uslubi o‘sha davr kitobat san’atining yuqori darajasini namoyon etadi. Har bir sahifa sinchkovlik bilan uchta tik ustunga ajratilgan bo‘lib, umumiy hisobda o‘ttiztaga yaqin so‘zni o‘z ichiga oladi. Matndagi arabcha so‘zlar qat’iy ravishda qora siyoh bilan, ularning turkiy tildagi muqobillari esa yorqin qizil siyoh bilan bitilgan. Bunday ikki rangli uslub nafaqat matnni o‘qishni osonlashtirgan, balki mutolaa qiluvchining diqqatini asosiy ma’noga yo‘naltirgan. Zarur o‘rinlarda birgina so‘zning ma’nosini to‘laqonli ochib berish uchun ikki, uch va hatto to‘rttagacha ma’nodosh iboralar qatorlashtirib keltirilgan. Bu esa hozirgi o‘zbek tilining asosini tashkil etgan so‘z boyligining naqadar keng va rang-barang bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Qo‘lyozmada jamlangan so‘zlar ma’no guruhlariga ajratilgan bo‘lib, unda o‘sha davr hunarmandchiligi va konchiligiga oid muhim atamalar markaziy o‘rin tutadi. Manbada yer osti boyliklari, qazilma konlar va ma’dan buyumlarning nomlari maxsus ajratilgan bo‘lib, “oltun”, “kumush”, “temur”, “ko‘mur” hamda “qurg‘ushun” kabi so‘zlar keltiriladi. Polyak olimi Ananyash Zayonchkovskiy o‘z tadqiqotlarida qayd etganidek, bu kabi aniq kasbiy atamalarning lug‘atga kiritilishi tarixiy ishlab chiqarish madaniyatining yuqori rivojidan dalolat beradi.
Manbaning savdo-sotiq va o‘lchov birliklariga bag‘ishlangan qismi ayniqsa katta amaliy qiymatga egadir. Oldi-sotdi munosabatlarini aks ettiruvchi so‘zlar qatorida “sircha” ya’ni shisha, “qahrabo”, “dur” singari qimmatbaho buyumlar va xomashyo turlari qayd etilgan. Shuningdek, tijorat jarayonidagi holatlarni anglatuvchi “ziyon” kabi atamalar ham qo‘lyozma sahifalaridan o‘rin olgan. Savdo mollarining hajmi va og‘irligini belgilashda ishlatilgan “torti” ya’ni tarozi, “botmon”, “yarim”, “buchuq” hamda “ovuch” kabi o‘lchov birliklari voha shaharlari bozorlarida muayyan va qat’iy o‘lchov hamda andozalar amal qilganini ko‘rsatadi. Bu tartib savdogarlar va xaridorlar o‘rtasidagi aniq hisob-kitobning poydevori bo‘lib xizmat qilgan.
Qo‘lyozmada harbiy ish va xavfsizlik tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan muhim so‘zlar ham alohida bo‘limga jamlangan. Mudofaa va nazorat ishlarini ifodalovchi “ko‘zavchi” ya’ni soqchi va qorovul, lashkar ma’nosidagi “cherik” hamda muayyan jang holatini anglatuvchi “otish” so‘zlari bevosita amaliy ehtiyoj yuzasidan qayd etilgan. Shuningdek, sonlarni ifodalovchi tizimda “oltmish”, “to‘qson”, “yuz”, “ming” birliklarining keltirilishi harbiy hisob-kitob, savdo muomalasi va soliq tizimida puxta raqamlash usullari qo‘llanganini ko‘rsatadi. Dehqonchilik va chorvachilik madaniyatiga oid atamalar ham lug‘atda keng o‘rin egallagan. Yer haydash va hosil yig‘ish jarayonlari bilan bog‘liq “ekin”, “bug‘doy”, “arpa” kabi don ekinlari nomlari bilan birga xonaki hayvonlarni anglatuvchi “tuya”, “sigir”, “buqa” so‘zlari keltirilgan.
Parijda saqlanayotgan mazkur yozma obida o‘zbek tili va tarixining ko‘p asrlik ildizlarini namoyon qiladi. Undagi har bir so‘z, qizil va qora siyoh bilan bitilgan har bir jumla o‘rta asrlar jamiyatining turmush tarzi, hunarmandchilik mahorati va iqtisodiy salohiyatini bugungi kunga yetkazib beruvchi ishonchli ko‘prikdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi.
O‘zA