Federiko Kyeza: «Hozir faqat “Liverpul” haqida o‘ylayapman»
Yangi bosh murabbiy ishonchini qozonish uchun bor kuchimni sarflayapman.
«Liverpul» hujumchisi Federiko Kyeza kelajagi haqida fikr bildirib, hozircha faoliyatini aynan mersisayd klubida davom ettirishni istashini aytdi.
"Hozir men «Liverpul»da baxtliman. Bu klubni, muxlislarni va bu yerdagi muhitni yaxshi ko‘raman. Imkoniyatga ega bo‘lish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilyapman, keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Hozir faqat «Liverpul» haqida o‘ylayapman.
Har bir mavsum boshida hammasi yangidan boshlanadi. Balki men uchun bunday «yangi start»lar juda ko‘p bo‘lgandir, ammo bu meni tashvishga solmaydi.
Yangi bosh murabbiy ishonchini qozonish uchun bor kuchimni sarflayapman. O‘tgan mavsum ham jamoada muhimroq rol o‘ynashga tayyor edim, biroq bu murabbiyning qaroriga bog‘liq edi. Uning o‘z rejasi bor edi va u o‘z qarorlarini qabul qildi. Bu borada aytadigan gapim yo‘q.
Bu yil esa yangi bob boshlandi. Bizda yangi murabbiy bor va men butun e’tiborimni shunga qaratganman", — dedi Kyeza.