Faxriylar hayoti – ibrat maktabi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasida “Uch avlod uchrashuvi: faxriylar hayoti – ibrat maktabi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami oldidan o‘tkazilgan tadbirda bojxona tizimining yosh xodimlari, soha faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Qahramon Umarov so‘z olib, mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ularning kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar, bojxona organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirdi.


Shuningdek, O‘zbekiston bojxona xizmati faxriylari uyushmasi Andijon viloyati bo‘linmasi raisi To‘lqin Komiljonov, bojxona xizmati faxriysi Akmal Hasanov ham ishtirok etib, mustaqillik yillarida bojxona tizimining rivojlanish bosqichlari, kasbga sadoqat, ustoz-shogird an’analari va yoshlar zimmasidagi mas’uliyat haqida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Faxriylar hayoti yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligi alohida ta’kidlandi. Yosh xodimlar faxriylardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.

Shuningdek, tadbir doirasida bir guruh yosh xodimlarga navbatdagi unvonlar tantanali ravishda topshirildi. Ularning xizmat davomidagi yutuqlari e’tirof etilib, kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri