Farmatsevtika tizimining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi
Sog‘liqni saqlash vazirligida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vaziri hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan jalb etilgan mustaqil xalqaro ekspert Dragos Gutu ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun aytish lozimki, Dragos Gutu farmatsevtika sohasi bo‘yicha xalqaro ekspert sifatida Yevropaning qator davlatlarida faoliyat yuritgan. Jumladan, 2021–2025-yillarda Moldova Respublikasining Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi Bosh direktori lavozimida ishlagan.
Muloqot davomida xalqaro ekspert tomonidan Markaz faoliyati va milliy farmatsevtika regulyator tizimining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bir oy davomida o‘tkazilgan kompleks audit natijalari Sog‘liqni saqlash vaziriga taqdim etildi.
Audit doirasida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, farmakonazorat, GxP inspeksiyalari, klinik tadqiqotlar, postmarketing nazorati hamda mazkur yo‘nalishlarni tartibga soluvchi qonunchilik va amaliy mexanizmlar batafsil o‘rganildi.
Audit natijasida aniqlangan jihatlar, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro ekspert tavsiyalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatini xalqaro ilg‘or tajriba va standartlarga yanada uyg‘unlashtirish, regulyator jarayonlarning samaradorligini oshirish hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 3-darajali yetuklik darajasiga — WHO ML3 erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro ekspert tavsiyalari va audit natijalari asosida Markaz faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq vazifalar hamda amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA