Farg‘onada siyosatchi ayollar muloqot maydonida jam bo‘ldi
Farg‘ona viloyatida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, bandligi va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Siyosatchi ayollar” forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida xotin-qizlarni qiynayotgan ijtimoiy muammolarga amaliy yechim topish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan loyihalar tanlovi tashkil etildi.
Tanlovda ayollar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mahmuda Isroilova birinchi, Nodira Rahmonqulova ikkinchi, Mahliyo To‘lqinboyeva esa uchinchi o‘ringa munosib topildi.
Forumning muhim jihatlaridan biri — xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan kelishuv bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Farg‘ona viloyati bo‘linmasi, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi huzuridagi deputat ayollar muloqot tuzilmasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining viloyat boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat doirasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, istiqbolli tashabbus va loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-32234]
Forum xotin-qizlarning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yo‘lida o‘zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA