Partiyaning 35 yilligi nishonlandi
Guliston shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning shakllanishi va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan faollar, partiya kengashining sobiq rahbarlari, deputatlar, targ‘ibotchilar hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda partiyaning 35 yillik faoliyati, bosib o‘tgan yo‘li va to‘plagan tajribasi haqida so‘z yuritildi. Partiya rivojiga hissa qo‘shgan, turli yillarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan faxriylarning xizmatlari alohida e’tirof etilib, ular taqdirlandi.
Shuningdek, partiya faoliyatida tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan ajralib turgan deputatlar, targ‘ibotchilar hamda yoshlarga ham rag‘batlantirildi.
[gallery-32243]
Yubiley tadbirida avlodlar davomiyligini ta’minlash, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va fuqarolarni qiynayotgan muammolarga amaliy yechim topish kabi vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
— Partiyamizning 35 yillik yo‘li — bu katta tajriba va mas’uliyat maktabi. Endigi vazifamiz — odamlarning dardini eshitish, muammolariga yechim topish va ularning ishonchini oqlash. Chunki partiyaning kuchi balandparvoz gaplarda emas, xalqqa naf keltiradigan amaliy ishlardadir. Odamlar hayotida ijobiy o‘zgarish bo‘lsa, mehnatimiz samarasi ham shu, — dedi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sardoba tuman kengashi raisi Suyun Namozov.
Tantanali tadbir partiyaning 35 yillik faoliyatini sarhisob qilish, uning rivojiga hissa qo‘shgan faollarni e’tirof etish hamda kelgusi vazifalarni belgilab olishga xizmat qildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA