Farg‘onada 14 ming gektar intensiv bog‘lar tashkil etilmoqda
Prezident farmoni asosida qishloq xo‘jaligida yangi davr boshlandi. Samarasiz yerlar va eski bog‘lar zamonaviy, daromadli plantatsiyalarga aylanmoqda. Farg‘ona viloyatidagi keng ko‘lamli loyihalar buning yorqin namunasidir.
Bugun yurtimizda mevali bog‘lar tashkil etish, samarasiz yerlarni tashabbuskorlarga berib, aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 9-iyundagi “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi yo‘nalishlarni ochib berdi. Mazkur huquqiy hujjat ijrosini ta’minlash va joylarda mavjud imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Mazkur tashrif davomida viloyatdagi samarasiz bog‘larni tugatish, eski yoki foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga yangi sanoatlashgan intensiv bog‘larni yaratish masalasi o‘rganildi. Natijada Farg‘ona tumanidagi o‘zlashtirilmagan 500 gektarli adirliklarda kelgusi ikki yil davomida sanoatlashgan bog‘ barpo etish rejalashtirildi. Ayni kunlarda adirlikda ishlar boshlangan bo‘lib, shaftoli hamda gilos ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan.

–Farg‘ona viloyatida 43 ming 163 gektar bog‘ va 4 ming 255 gektar tokzor mavjud, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev. – Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida eskirib, samarasiz bo‘lib qolgan bog‘larni qayta tashkil etib, sanoatlashgan zamonaviy bog‘larga aylantirish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsad qilib olingan. Hududlarning eksport salohiyatini ko‘tarish ham nazarda tutilgan va buning uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan. Albatta, bu vazifa va farmon ijrosini ta’minlashga barcha kuch va resurslarni jalb qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan 2026-yilda Farg‘ona viloyatida 14 ming 174 gektar yangi sanoatlashgan intensiv bog‘lar tashkil etish belgilangan. Joriy yil bahor oylarida 1 ming 726 gektar maydonda ko‘chatlar yerga o‘tqazildi va kuz oylarida yana 12 ming 448 gektar sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo qilinadi.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida Farg‘ona tumanida unumdorligi past bo‘lgan paxta maydonlari o‘rnida zamonaviy bog‘ va tokzorlarni yaratish ham rejalashtirib olindi. Agentlik direktori bunday manzillarda ham bo‘lib, mazkur maydonda samarali bog‘ barpo qilish yuzasidan mutaxassislar bilan birgalikda o‘rganish ishlarini olib bordi.
Mazkur tahlillar kelgusida yer resurslaridan samarali foydalanish, hududning agroiqlim imkoniyatlarini baholash hamda istiqboldagi agrotexnik tadbirlarni belgilashda muhim ahamiyat kasb yetadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA