Farg‘ona maktablarida yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi
FOTOREPORTAJ
2-sentabr kuni mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2026/2027 o‘quv yili boshlandi, ilk qo‘ng‘iroq sadolari yangradi.
Farg‘ona viloyatida yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda “Mustaqillik darslari” “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida o‘tkazildi.
Ayni paytda viloyatdagi 963 ta umumta’lim maktabida qariyb 717 ming nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Joriy o‘quv yilida birinchi sinfga 84 ming 867 nafar bola qabul qilinib, ularga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir Farg‘ona shahridagi 5-umumta’lim maktabida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari hamda ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
[gallery-31204]
Tantanali tadbirda mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, keyingi yillarda tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida so‘z yuritildi.
– Yurtboshimiz Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ham ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratib, “Baxt – intilganniki, g‘alaba – kurashganniki! Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi”, deya yoshlarga murojaat qildilar, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Burhon Qo‘ldoshev. – Shunday ekan, o‘quvchi-yoshlarimizning izlanish va bilim olishda doimo olg‘a intilishlarini tilaymiz.
Yurtimizda yoshlarga zamonaviy bilim va munosib tarbiya berish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajriba hamda standartlarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Maktablarda o‘quvchilarning fanlarni puxta o‘zlashtirishi, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Farg‘ona shahridagi 5-umumta’lim maktabi ham ana shunday ta’lim maskanlaridan biri. Maktab o‘quvchilari xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari hamda turli tanlovlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 3-“I” sinf o‘quvchisi Imron Husanov ingliz tili bo‘yicha respublika tanlovida faxrli o‘rinni egallab, Malayziyaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Bu yil maktabimiz birinchi sinfiga 210 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi, - deydi maktab direktori Sharofiddin Husanov. – Prezidentimiz sovg‘alari ularga bir olam quvonch bag‘ishlashi shubhasiz.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar o‘quvchilar, ustoz-murabbiylar va ota-onalarda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA