FarDU Malayziyada: ilm va madaniyat uyg‘unligi
Malayziyaning Universiti Teknikal Malaysia Melaka (UTeM) universitetida “O‘zbekiston – Malayziya ta’lim va madaniyat kunlari” hamda “Universitetlar ayol olimalari xalqaro forumi” yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur anjuman ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va ayol olimalarning innovatsion taraqqiyotdagi o‘rnini keng yoritishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston, jumladan, Farg‘ona davlat universiteti vakillari va talabalari faol ishtirok etdi. Ayniqsa, yoshlarning xalqaro maydondagi ishtiroki ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, global tafakkurini shakllantirish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Forum jarayonida universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, akademik almashinuvni kengaytirish va madaniy integratsiyani kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, ta’lim va ilm-fan sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Anjumanning muhim natijalaridan biri sifatida Farg‘ona davlat universiteti hamda Universiti Malaysia Pahang Al-Sultan Abdullah (UMPSA) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining imzolangani qayd etildi. Mazkur kelishuv qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree), talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, co-teaching va global classroom kabi zamonaviy ta’lim shakllarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Shu bilan birga, tadbir 8-9-aprel kunlari davom etadigan milliy madaniyat kunlari bilan ham uyg‘un tarzda tashkil etildi. Ushbu madaniy dastur doirasida Farg‘ona davlat universiteti talabalari tomonidan milliy maqom san’ati va boshqa an’anaviy san’at namunalari namoyish etildi.
Milliy san’atimiz orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi xalqaro ishtirokchilarga keng targ‘ib etilayotgani, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida madaniy qadriyatlarga hurmat va qiziqishni oshiradi.
Mazkur tadbir ta’lim, ilm-fan va madaniyat uyg‘unligi asosida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqan holda, xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nilufar Bozorova, O‘zA