“Adolat fasli” Samarqandda namoyish etildi
Samarqand viloyati musiqali drama teatrida O‘zbek milliy akademik drama teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Adolat fasli” (Amir Temur) spektakli namoyish etildi.
Spektakl O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim asari asosida tajribali rejissyorlar Baxtiyor To‘rayev va Asqar Xolmo‘minov tomonidan sahnalashtirilgan. Bosh rol Amir Temur O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Karimov tomonidan ijro etilgan.

– Bu yil yurtimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda, – deydi O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyev. – Bizning Samarqandga gastrolimiz ham shu munosabat bilan tashkil etildi. To‘rt kun davomida samarqandlik teatr ixlosmandlari va sayyohlarga buyuk bobomiz haqidagi “Adolat fasli” spektaklini namoyish etdik. Bu asar Amir Temur hazratlarining bir kunlik hayoti misolida adolatni hamma narsadan ustun qo‘yib davlatni boshqargani, hatto, farzandlarini ham ana shu bosh mezon asosida tarbiyalaganini ko‘rsatib berishga qaratilgan. O‘ylaymanki, asar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

Milliy teatr jamoasi Samarqandga ijodiy safari davomida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari