Ezgulik auksioni o‘tkazildi
Mehr va e’tibor inson qalbiga kuch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, hayot sinovlariga duch kelgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnati va intilishlarini qadrlash jamiyatdagi ezgulik muhitini yanada mustahkamlaydi. Sirdaryoda imkoniyati cheklangan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ana shunday xayrli tadbirlardan biri o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida Sirdaryo tumanidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar “G‘amxo‘rlik” markazida inklyuziv xayriya tadbiri tashkil etildi.
Markazda davolanayotgan va parvarishlanayotgan xotin-qizlar tomonidan mehnat terapiyasi jarayonida yaratilgan turli xil qo‘l mehnati mahsulotlari — nafis bezaklar, badiiy buyumlar, to‘qimachilik va ijod namunalari auksion hamda ko‘rgazma-savdoga qo‘yildi.
Mazkur tadbir oddiy savdo emas, balki inson mehnatini qadrlash, uning qobiliyati va ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan ezgu tashabbus bo‘ldi. Auksion davomida 54 ta lot bo‘yicha mahsulotlar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilinib, xarid qilindi.
Unda viloyat soliq boshqarmasi va shahar-tuman soliq inspeksiyalari xodimlari, tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari hamda fuqarolardan iborat 100 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
[gallery-30557]
Tadbir natijasida qariyb 50 million so‘m mablag‘ to‘plandi. Mazkur mablag‘lar markazdagi ayollarning mehnatini rag‘batlantirish, ularga yangi kuch va ishonch bag‘ishlash, shuningdek, “G‘amxo‘rlik” markazining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Markazdagi har bir qo‘l mehnati namunasi ortida sabr, matonat va katta orzu mujassam. Bu yerdagi ayollar o‘z qo‘llari bilan yaratgan mahsulotlari orqali nafaqat hunarlarini namoyon etmoqda, balki jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekanini, ularning mehnati qadrli va ahamiyatli ekanini his qilmoqda.
— Bunday tadbirlar biz uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Qo‘limizdan chiqqan mahsulotlarga bildirilgan e’tibor va ishonch bizga yanada kuch bag‘ishlaydi. Eng muhimi, o‘z mehnatimiz bilan jamiyatga foyda keltira olishimizni his qilamiz, — deydi markaz tarbiyalanuvchilaridan Dono Hasanova.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, bu kabi xayrli tashabbuslar imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy hayotga yanada faol jalb etish, ularning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA