Pekinda “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” nomli xalqaro antologiyaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitob XXR Xalqaro san’at ta’limi va madaniy akademik assotsiatsiyasi rahbari Ananda Jao hamda O‘zbekistondagi “Shine” qizlar akademiyasi rahbari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shohida Yusupova muharrirligida tayyorlangan. Unda yurtimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan iqtidorli xotin-qizlar qalamiga mansub hikoyalar, she’rlar, maqolalar va esselar jamlangan.

Taqdimot marosimida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi vakillari, yozuvchilar, professorlar va xalqaro yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, loyihaning asosiy maqsadi – Yangi O‘zbekistonning boy madaniy merosi va ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning intellektual imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashdan iborat.

– Asosiy maqsadim – diyorimizni va uning bilimli, iqtidorli xotin-qizlarini xalqaro miqyosda munosib tarzda tanitish, -dedi loyiha rahbari Sh.Yusupova. – Bugungi kunda AQSH, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Misr, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda madaniy almashinuv loyihalarini amalga oshirib kelyapmiz. Iste’dodli xotin-qizlarimizning ijodiy ishlari jamlangan xalqaro antologiyalarni nashr etish orqali o‘lkamiz va o‘zbek ayollarining ijobiy imijini shakllantirish yo‘lida muhim natijalarga erishyapmiz.
Tadbir qatnashchilari ham kitob va loyiha haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, Xitoy Madaniy turizm innovatsiyalari qo‘mitasi raisi Deng Zongde shunday dedi:
– Bu kitob oddiy hikoyalar to‘plami emas, balki madaniyatlar o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikdir. Uning sahifalari orqali biz o‘zbek xotin-qizlarining bilim-zakovati, kuch-qudrati va nafosatini yanada yaqindan kashf etdik. Kitob O‘zbekiston va o‘zbek qizlari haqida juda iliq va yorqin tasavvur uyg‘otadi.

Qayd etish joizki, bugungi kunda “Shine” qizlar akademiyasi xotin-qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Akademiyada shu kunga qadar 70 mingdan ortiq xotin-qizlarimiz shaxsiy rivojlanish, xorijiy tillarni o‘rganish hamda xalqaro maydonga chiqish yo‘nalishlarida ta’lim olishgan.
Pekinda o‘tkazilgan mazkur taqdimot respublikamizning bilimli va iqtidorli xotin-qizlari ovozi xalqaro miqyosda tobora kengroq yangrayotgani, milliy madaniyatimiz va ma’naviy merosimiz esa dunyo hamjamiyatida munosib e’tirof etilayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
O‘.Alimov, O‘zA