Etnosport festivali bo‘lib o‘tmoqda
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘ hududida etnosport turlari bo‘yicha “Uzbekistan Ethno Games” Respublika festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda Sport vazirligi, Toshkent shahar sport boshqarmasi, tegishli vazirlik va idoralar, davlat korxonalari, tijorat banklari hamda tadbirkorlik sub’ektlari xodimlari faol ishtirok etmoqda. Festival doirasida milliy sport turlari, xalq o‘yinlari va qadimiy an’analarni aks ettiruvchi ko‘rgazmali chiqishlar, musobaqalar va jamoaviy bellashuvlar tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi mamlakatimizda milliy sport turlari va etnosportni keng ommalashtirish, yosh avlod, ayniqsa bolalar va o‘smirlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iborat.
Festival davomida ishtirokchilar o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy o‘yinlari va sport an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, turli jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlar tadbirga yanada qiziqarli va ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.

“Uzbekistan Ethno Games” Respublika festivali milliy qadriyatlarni asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamiyatda sport madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan muhim sport bayramlaridan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA