Boks bo‘yicha Olimpiada saralash tizimi tasdiqlandi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 2028-yil Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun boks bo‘yicha saralash tizimini rasman tasdiqladi. Mazkur tizim “World Boxing” tashkiloti tomonidan taqdim etildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari tarixida ilk bor boks musobaqalarida to‘liq gender tengligi ta’minlanadi. Ya’ni, erkaklar va ayollar o‘rtasida yettitadan vazn toifasida medallar uchun kurash olib boriladi. Umumiy ishtirokchilar soni 248 nafarni tashkil etadi. Ulardan 124 nafari erkaklar, yana 124 nafari ayollar.

Tasdiqlangan saralash tizimi bir nechta bosqichdan iborat bo‘lib, bokschilar Olimpiada litsenziyalari uchun uchta jahon kvalifikatsiya turniri hamda beshta qit’a musobaqasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Saralash jarayoniga 2027-yil Qozog‘istonda o‘tkaziladigan “World Boxing” jahon chempionati orqali start beriladi. Keyinchalik 2027 va 2028-yillar davomida qit’aviy musobaqalar tashkil etiladi. Saralash bosqichi esa 2028-yilda o‘tadigan ikkita jahon kvalifikatsiya turniri bilan yakunlanadi.
Shuningdek, “World Boxing” yaqin vaqt ichida musobaqalarni qabul qilish bo‘yicha arizalar yig‘ishni boshlaydi. Tashkilot Olimpiada saralash bahslari hamda Los-Anjeles Olimpiadasidagi boks musobaqalarini tashkil etish va nazorat qilish uchun mas’ul etib tayinlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA