Eshkak eshuvchilarimiz 9 ta medalga ega chiqdi
Qozog‘istonning Turkiston shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U18 va U23 yosh toifalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ikkinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechmoqda.
Musobaqaning navbatdagi final bahslarida hamyurtlarimiz 4 ta oltin va 5 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, umumiy medallar hisobini yanada boyitdi.
U23 yosh toifasida Muhammadali Miromonov S-1 dasturining 500 metr masofasida chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Madina Ashrafxanova va Danila Kryukov K-2 MIX bahslarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Ziyodbek Yo‘ldoshaliyev va Madina Ashrafxanova K-1 yo‘nalishida, Kamoliddin Rahmatullayev hamda Muattar Qodirjonova esa S-2 MIX dasturida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

U18 yosh toifasida esa Zafarjon Baxtiyorov K-1 yo‘nalishida tengsiz bo‘ldi. Muhammadaziz Aripov va Muattar Qodirjonova juftligi S-2 MIX dasturida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Milana Dushev-Yanich K-1 bahslarida, Azim G‘afforov va Malika Sultonova esa K-2 MIX yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, Osiyo chempionatining ikkinchi kunida O‘zbekiston vakillari 4 ta oltin va 5 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, qit’a birinchiligidagi muvaffaqiyatli yurishini davom ettirmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA