Tennischi qizlarimizning Londondagi ilk raqiblari aniq bo‘ldi
Jahon tennisining eng nufuzli musobaqasi — Uimbldonda O‘zbekiston vakillari kortga chiqadi. Dastlabki raqiblar ma’lum: ularni jiddiy bahslar kutmoqda.
Angliyaning London shahrida 29-iyun — 12-iyul kunlari tennis bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi Uimbldon turniri bo‘lib o‘tadi. Joriy yilgi musobaqaning ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslari asosiy to‘rida O‘zbekiston sharafini Kamilla Rahimova, Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva himoya qiladi.
Qur’a tashlash marosimi yakunlariga ko‘ra, hamyurtlarimizning birinchi bosqichdagi raqiblari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Kamilla Rahimova ukrainalik Anna Kalininaga qarshi kortga chiqsa, Polina Kudermetova neytral maqomda ishtirok etayotgan Lyudmila Samsonova bilan kuch sinashadi. Mariya Timofeyeva esa braziliyalik Beatris Haddad Mayyaga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, musobaqaning juftlik bahslarida ham mamlakatimiz vakillari ishtirok etadi. Kamilla Rahimova yaponiyalik Miyu Kato bilan juftlik hosil qilgan bo‘lib, ular birinchi davrada niderlandiyalik Demi Sxyurs hamda avstraliyalik Ellen Peres juftligiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv 2-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Uimbldon turnirining joriy yilgi umumiy mukofot jamg‘armasi 64 million 200 ming yevroga teng. Yakkalik bahslari g‘oliblari 3 million 600 ming yevro mukofot hamda 2000 reyting ochkosini qo‘lga kiritadi. Juftliklar bahsi chempionlari esa 760 ming yevro mukofot puli va 2000 reyting ochkosi bilan taqdirlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA