Eshitilgan har bir murojaat — amaliy yechim sari tashlangan qadam
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni joyida o‘rganish va bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Jizzax shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkazadigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida “Ochiq muloqot – 2026” tadbiri tashkil etildi.
Muloqotda Jizzax viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi hamda boshqa davlat idoralari va tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda tadbirkorlar ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv ochiq muloqot va amaliy yechimlar ruhida kechdi. Tadbirkorlar tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, bojxona rasmiylashtiruvi, biznes yuritish jarayonida yuzaga kelayotgan turli masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini erkin bayon qildi. Ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan mutasaddi idoralar mas’ullari tomonidan huquqiy izohlar berildi, amaliy yechimlar yuzasidan aniq tavsiyalar bildirildi.

Ayniqsa, hududlardagi dolzarb muammolarni umumlashtirish, ularni har tomonlama tahlil qilish hamda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan VI ochiq muloqoti kun tartibini shakllantirishda inobatga olinishi mumkin bo‘lgan takliflarni saralashga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa tadbirkorlarning ovozi davlat siyosatida o‘z aksini topishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida tashqi iqtisodiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan, eksport salohiyatini yuksaltirish, qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya qilish hamda bojxona organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bir qator tadbirkorlik sub’ektlari turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlandi.

E’tirof etilgan mazkur yutuqlar tadbirkorlarning nafaqat o‘z biznesini rivojlantirish, balki mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, eksport geografiyasini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘lidagi munosib hissasiga berilgan yuksak bahodir. Eng muhimi, bunday ochiq muloqotlar davlat idoralari va biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, muammolarni eshitish emas, balki ularni hal etishning ta’sirchan mexanizmi sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri