Davlat xaridlarida mahalliy xizmatlarga ustuvorlik kuchayadi (+video)
Ma’lumki, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni mahalliy deb e’tirof etishning yagona mexanizmini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Yangi tartib mahalliy xizmatlarni davlat xaridlarida kengroq qo‘llash, sohada shaffoflikni ta’minlash va milliy xizmat ko‘rsatuvchilarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda «O‘zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ochiq muhokamada «Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni mahalliy deb e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi keng muhokama qilinadi.
Qaror loyihasida mahalliy xizmatlarni sertifikatlashning zamonaviy va raqamlashtirilgan tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, xizmatlarni mahalliy deb e’tirof etish mezonlari, elektron tarzda ariza qabul qilish, ekspertiza o‘tkazish, sertifikat berish va sertifikatlangan xizmatlar reyestrini yuritishning yagona tartibi belgilanadi.
– Loyihaning eng muhim jihatlaridan biri mahalliylashtirish darajasini baholashning aniq mezonlari joriy etilayotgani, – deydi «O‘zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyati direktori Umidxon A’zamxo‘jayev. – Bunda mahalliy kadrlar mehnati ulushi, mahalliy pudratchilar va yetkazib beruvchilar ishtirokining salmog‘i, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan xarajatlar hisobga olinadi. Bu esa xizmatning haqiqatda mahalliy iqtisodiyotga qay darajada hissa qo‘shayotganini ob’ektiv baholash imkonini beradi. Yangi tartibga muvofiq, tadbirkorlar sertifikat olish uchun yagona elektron axborot tizimi orqali murojaat qiladi. Barcha hujjatlar elektron shaklda qabul qilinib, ko‘rib chiqiladi. Tayyor sertifikat esa ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Har bir sertifikatga unikal raqam va QR-kod biriktirilib, uning haqiqiyligini istalgan vaqtda onlayn tekshirish imkoniyati yaratiladi.
Loyihada «O‘zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyati mahalliy xizmatlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatli tashkilot sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, mahalliylashtirish darajasi kamida 30 foizni tashkil etgan xizmatlarga sertifikat berish, ayrim xizmat turlari uchun esa alohida minimal ko‘rsatkichlarni belgilash taklif etilgan. Sertifikatning amal qilish muddati 24 oy etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Sertifikatlangan xizmatlar yagona reyestrga kiritilib, ular haqidagi ma’lumotlar davlat xaridlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Bu mahalliy xizmatlarni elektron kooperatsiya portali hamda davlat xaridlari elektron tizimining «Milliy do‘kon» sahifalari orqali keng targ‘ib qilish va ularning davlat buyurtmalarida ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida qaror loyihasi taqdimoti o‘tkazilib, mutaxassislarning tushuntirishlari, savol-javoblar hamda tadbirkorlarning taklif va mulohazalari eshitildi.
Mazkur muhokama mahalliy xizmatlarni sertifikatlash tizimini amaliyot talablari asosida takomillashtirish, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va davlat xaridlarida milliy xizmat ko‘rsatuvchilar ulushini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatda xizmatlar sohasini rivojlantirish, raqobat muhitini kuchaytirish va mahalliy biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5XfqrrvG8R8" title="Davlat xaridlarida mahalliy xizmatlar uchun yangi tartib joriy etiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Nishonboy Abduvoitov (video),
O‘zA