BAA havo hududidagi cheklovni uzaytirdi
BAA havo hududida parvoz cheklovi muddati uzaytirildi. Mintaqadagi keskin harbiy to‘qnashuv aviatsiya xavfsizligiga qanday ta’sir qildi?
Birlashgan Arab Amirliklari aviatsiya rasmiylari mamlakat havo hududida amal qilayotgan parvoz cheklovini 23-iyunga qadar uzaytirishga qaror qildi. TASS agentligi Yaqin Sharqdagi aviadispetcherlik xizmatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, ayni payt BAA aeroportlarida maxsus olti yo‘lak hamda havo chegarasini kesib o‘tish bo‘yicha nazorat nuqtalari belgilangan. Shuningdek, ma’muriyat xorijiy aviakompaniyalarni mamlakatga parvoz qilishdan oldin yuzaga kelishi ehtimoli bor operatsion xavf-xatarni sinchiklab baholash zarurligi borasida yana bir bor ogohlantirgan. Reysni amalga oshirish uchun aviakompaniya tegishli so‘rovnoma yuborib, rasmiy bildirishnoma olishi shart. Faqat bu tartib evakuatsiya, sanitariya va davlat aviatsiyasi parvozlariga taalluqli emas.
Mintaqadagi vaziyat keskinlashuviga bir necha kundan beri davom etayotgan harbiy to‘qnashuv sabab. Xususan, 6-iyun kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi Nabatiya muzofoti va G‘arbiy Beka’ mintaqasiga, 7-iyunda esa Bayrut atrofidagi “Hizbulloh” ob’ektiga kuchli zarbalar berdi. Bunga javoban o‘sha oqshom Eron Isroilning shimoliy hududini raketadan o‘qqa tutdi. Tehron avvalroq Livan poytaxtiga hujum qilingan taqdirda Isroilga zarba berishidan ogohlantirgan edi. O‘z navbatida Isroil 8-iyunga o‘tar kechasi Eronning g‘arbiy va markaziy viloyatlaridagi harbiy ob’ektlar, xususan Xuziston muzofotidagi neft-kimyo korxonasiga zarar yetkazgan javob zarbasini yo‘lladi. 8-iyun ertalab esa Eron Isroil hududini yana bir bor o‘qqa tutdi. Mintaqadagi ushbu beqaror vaziyat sabab, aviatsiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklov chorasi amalda qolmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA