Eron bosh murabbiyi: “Bizga nisbatan adolatsizlik bo‘lyapti”
FIFA va uning prezidenti bizga yordam berishga harakat qilayotganini tushunaman, biroq hozircha sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
Amir G‘alenoi JCH–2026 davomida jamoa AQShga kirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganini ma’lum qildi.
Murabbiyning aytishicha, Eron terma jamoasi Meksikada joylashgan bo‘lib, Belgiya bilan bo‘ladigan o‘yin oldidan AQShga kirish uchun ruxsat faqat uchrashuvga bir kun qolganida berilgan. Bu esa tayyorgarlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
"FIFAga rasmiy shikoyat yubormadik, faqat e’tirozlarimizni bildirdik. Normal tayyorgarlik uchun bizga kamida 24 soat kerak edi, ammo atigi 16 soat vaqt oldik. Shu sababli mashg‘ulotni ham muddatidan oldin to‘xtatishga majbur bo‘ldik.
Bu cheklovlar vaziyatimizni ancha murakkablashtirdi. FIFA va uning prezidenti bizga yordam berishga harakat qilayotganini tushunaman, biroq hozircha sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Futbol go‘zallik va adolat tamoyillariga asoslanishi kerak. Bizga nisbatan bo‘layotgan munosabatni adolatli deb bo‘lmaydi", — dedi G‘alenoi.
Shuningdek, mutaxassis AQShga kirgach, jamoaning mehmonxonaga tez yetib borishiga yordam berilganini ham alohida ta’kidladi.
Eron milliy terma jamoasi bugun, 21-iyun kuni guruh bosqichining ikkinchi turida Belgiya milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.