Eng yaxshi yosh dizaynerlar mahoratini ko‘rsatdi
Poytaxtimizda yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, milliy moda sanoatini rivojlantirish hamda iste’dodli yoshlar uchun yangi professional imkoniyatlar yaratishga qaratilgan “MODA YOʻLI” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi va Qizlar akademiyasi tomonidan Dizaynerlar klubi ishtirokida tashkil etilgan mazkur tanlovda mamlakatimizning turli hududlaridan saralangan 55 nafar yosh dizayner o‘z mualliflik kolleksiyalarini namoyish etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, tanlovning tuman va hududiy bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 55 nafar iqtidorli dizayner qiz respublika bosqichiga yetib keldi.
Final namoyishida kolleksiyalar podiumda taqdim etilib, hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
[gallery-31943]
Har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin 25 million so‘mlik, 2-o‘rin 15 million so‘mlik, 3-o‘rin 10 million so‘mlik vaucher bilan taqdirlandi. Gran-pri sohibiga 100 million so‘mlik xorijda ta’lim olish va malaka oshirish dasturi taqdim etildi.
Mukofotlarning umumiy qiymati 300 million so‘mni tashkil etdi. “MODA YOʻLI” loyihasi yosh dizaynerlarning professional rivojlanishi, o‘z brendlarini shakllantirishi, milliy moda mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro tajribani o‘rganishga xizmat qiladi.
Final yakunida g‘oliblar e’lon qilinib, diplom va vaucherlar tantanali ravishda topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA