Bronza davriga oid yangi topilmalar aniqlandi
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari davom etmoqda.
Izlanishlar davomida qadimgi turar joy qoldiqlari, sopol idishlar va turli xo‘jalik inshootlari aniqlandi. Joriy yilning oktabr oyida boshlangan arxeologik tadqiqotlarga Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Komil Rahimov rahbarlik qilmoqda. Ekspeditsiyada Termiz davlat universiteti talabalari hamda Italiyaning Salento universiteti magistranti Francheska Kondjedo ham ishtirok etmoqda.
Qazishma ishlari davomida yodgorlik hududidan xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar hamda diametri 70 santimetrga teng o‘choq qoldiqlari topildi. Mazkur topilmalar Jarqo‘ton bosqichiga xos qurilish an’analari, qadimgi turar joylarning tuzilishi va ulardan foydalanish xususiyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qabristonning g‘arbiy qismida olib borilgan qazishmalar chog‘ida qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish aniqlandi. Shuningdek, yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etildi.

Jarqo‘tondan aniqlangan arxeologik topilmalar bronza davriga oid bo‘lib, ular qadimgi aholining turmush tarzi, xo‘jalik faoliyati, dafn marosimlari va hududning tarixiy taraqqiyotini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.
Mutaxassislar topilmalarni qiyosiy va tipologik jihatdan tahlil qilish orqali Jarqo‘tonning ayrim hududlari qanday vazifani bajargani, ularning vaqt o‘tishi bilan qay tarzda rivojlangani haqida yangi ilmiy xulosalarga kelishni kutmoqda.
Jarqo‘ton O‘zbekistonning qadimgi tarixini o‘rganishda muhim arxeologik yodgorliklardan biri hisoblanadi. Bu yerda olib borilayotgan izlanishlar Sopolli madaniyati va bronza davri aholisi hayotiga oid bilimlarni boyitishga xizmat qiladi.
Ayni paytda yodgorlikda arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari davom etmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA