Energiya samaradorligini oshirishda ilmiy-amaliy hamkorlik mustahkamlanmoqda
“O‘zenergoinspeksiya”ning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi va Jizzax politexnika instituti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda tashkilotlarda energiya auditlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish va bu borada ilmiy-amaliy yondashuvlarni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
–Energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ularni tejash bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada ilmiy yondashuvlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, energiya auditlarini sifatli tashkil etish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish muhim ahamiyatga ega. Institut bilan hamkorlikda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish va mavjud muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratamiz, – dedi inspeksiyaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Ilhom Umarov.
Muloqot davomida energiya samaradorligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, inspeksiya va institut o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda sohadagi mavjud muammolarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida hal etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA